Yangiliklar

img
Tue, 01/13/2026 - 20:00

Aholi bilan yuzma-yuz muloqot: murojaatlar va amaliy yechimlar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, saylovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida hudud aholisi tomonidan ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, kundalik ehtiyojlar va turmush sharoiti bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Fuqarolarning murojaatlari bevosita joyida tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash zarurligi qayd etildi.
Xususan, murojaatchi D. Rahimova mazkur hududga yaqinda ko‘chib kelgani, farzandlarini rus guruhlari mavjud umumta’lim maktabiga joylashtirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Mazkur masalani amaldagi tartiblar doirasida ko‘rib chiqish va tegishli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yechim topish belgilandi.
Shuningdek, murojaatchi S. Sultonova o‘zining II guruh nogironi ekanini bildirib, moddiy jihatdan turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini ma’lum qildi. Ushbu murojaat yuzasidan ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi mutasaddi tuzilmalar bilan hamkorlikda murojaatchiga amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Uchrashuvda akademik Shuhrat Sirojiddinov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, hududlarni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari hamda aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangi tahrirda qayta ko‘rib chiqish vazifasi belgilab berilganiga to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar va erishilgan natijalardan kelib chiqib, strategiyaning takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, mazkur strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani, uning yakuniy shakli aholi fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi ta’kidlandi. Shuhrat Sirojiddinov saylovchilarni strategiya muhokamasida faol ishtirok etishga, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida joylarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, fuqarolar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning murojaatlariga amaliy yechim topish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi.