Yangiliklar

img
Fri, 02/25/2022 - 14:45

Adabiy tanqid kengashining hisobot yigʻilishi

2022-yil 24-fevral kuni Adabiy tanqid kengashining 2021-yil faoliyati yakunlariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda yozuvchi va  shoirlar, adabiyotshunoslar, ijodkorlar qatnashdi. Yigʻilishni Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi Adabiy tanqid kengashi raisi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasi mudiri,  filologiya fanlari doktori,  professor Nurboy Jabbor olib bordi. Kengash aʼzolaridan universitet olimlari filologiya fanlari doktorlari: Bahodir Karimov, Uzoq Joʻraqulov, Islomjon Yoqubov va Abdulla Ulugʻovlar anjumanda ishtirok etishdi. 
Adabiy tanqidga doir kitoblar toʻgʻrisida filologiya fanlari doktori Suvon Melining, adabiy nashrlarda eʼlon qilingan adabiy-tanqidiy maqolalar haqida filologiya fanlari doktori, professor Ilhom Gʻaniyevning, mumtoz adabiyotga doir kitoblar va maqolalar xususida filologiya fanlari doktori Zebo Qobilovaning, internet nashrlarida eʼlon qilingan adabiy tanqidga doir maqolalar haqida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Saʼdulla Quronovning maʼruzalari tinglandi. 
Shuningdek, hisobot davrida oʻtkazilgan Zomin seminarida 4 nafar yosh munaqqid faol ishtirok etgani,  1 ijodkorning kitobi  nashrga tavsiya etilgani, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “Maoniy ahlining sohibqironi” asari 2021-yilda oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi asari”  sifatida mukofotlangani alohida eʼtirof etildi.
Oʻtgan yil davomida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga doir 30ga yaqin monografiya va risolalar, 500 ga yaqin adabiy-tanqidiy maqolalar nashr etilganligi ham taʼkidlab oʻtildi.