7 ta ustuvor yo‘nalish mazmun-mohiyati targ‘ib qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiridagi ma’ruzalarida mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot istiqbollari, xalq farovonligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida izchil islohotlarni davom ettirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Davlat rahbari tomonidan kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davriga aylantirish, inson qadrini yanada yuksaltirish va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan 7 ta milliy dasturning amalga oshirilishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash, 7 ta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, 2026-yil 22-sentyabr kuni TMC universitetida ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilari tomonidan 7 ta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Umid Kushayev, tarix fanlari doktori Feruza Amonova, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Yarkulov hamda siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Jasur Axmedov tomonidan Prezident ma’ruzalarida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’ruza va tushuntirishlar berildi.

Ma’ruzalarda kelgusi o‘n yil uchun belgilangan yettita milliy dasturning mazmuni, ularning mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, ta’lim va tibbiyot, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologik barqarorlik, adolat va qonun ustuvorligi, mahalla institutini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish bilan bog‘liq vazifalar haqida fikr yuritildi.
Shuningdek, inson qadrini ulug‘lash, yoshlarning bilim va malakasini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy faollikni kuchaytirish, Vatanga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish hamda milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Targ‘ibot tadbirida TMC universiteti talabalari va Muqimiy nomidagi mahalla faollari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga 7 ta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyati ilmiy va tushunarli tarzda yetkazildi. Tadbir davomida mavzular yuzasidan savol-javob va fikr almashish tashkil etildi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislarga murojaat qilib, mamlakat taraqqiyoti, inson qadri, fuqarolik mas’uliyati, milliy qadriyatlar va ijtimoiy faollik masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur targ‘ibot tadbiri Prezident ma’ruzalarida belgilangan 7 ta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatini yoshlar va keng jamoatchilikka yetkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari haqidagi bilimlarni mustahkamlash hamda yoshlarning Vatan taraqqiyotidagi faol ishtirokini kuchaytirishga xizmat qildi.

