2026/2027-o‘quv yilidagi 1-sonli Universitet Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2026/2027-o‘quv yilidagi 1-sonli Universitet Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni universitet rektori, akademik Sh. Sirojiddinov ochib berdi. Dastlab, rektor universitet jamoasini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, yurtimiz hayotidagi ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy faoliyatidagi muhim yutuqlar e’tirof etildi. Ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga diplomlar tantanali tarzda topshirildi. Mazkur e’tirof universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish va akademik muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil ishlarning muhim natijalaridan biridir.
Shundan so‘ng Universitet Kengashining kun tartibidan o‘rin olgan masalalar muhokamasiga o‘tildi.
Dastlab, universitet oldida turgan ustuvor vazifalar, Universitet Kengashi Nizomi, Kengashning yillik ish rejasi hamda bo‘limlarning yillik ish rejalarini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi. Mazkur masalalar yuzasidan universitet faoliyatining yangi o‘quv yilidagi asosiy yo‘nalishlari, tarkibiy bo‘linmalar oldida turgan vazifalar va ularning samarali ijrosini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishning muhim masalalaridan biri 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan bog‘liq bo‘ldi. Unda yangi o‘quv yilida ta’lim jarayonini sifatli va tizimli tashkil etish, o‘quv rejalarini, ishchi fan dasturlari va sillabuslarni belgilangan tartibda tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek, kafedralar oldida turgan muhim vazifalarni belgilash masalalari muhokama qilindi.

Ta’lim jarayonining mazmuni va sifatini yanada takomillashtirish, o‘quv-uslubiy ta’minotni kuchaytirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish hamda yangi o‘quv yilini tashkiliy jihatdan puxta boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, 2025–2026-o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul jarayoni bo‘yicha axborot tinglandi. Qabul jarayonining borishi va uni samarali tashkil etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tegishli ma’lumotlar ko‘rib chiqildi.
Kengash yig‘ilishida yangi o‘quv yilida talabalar turar joylarining holati, shuningdek, universitetga qabul qilingan yangi talabalarni oliy ta’lim muhitiga moslashtirish, ularning dastlabki moslashuv davrini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan ham axborot tinglandi.

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish jarayonida universitetning yangi o‘quv yilidagi faoliyatini samarali tashkil etish, ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy va ilmiy salohiyatini yuksaltirish, talabalar uchun qulay ta’lim va tarbiya muhitini yaratish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

