
2025/2026-oʻquv yiliga start berildi
2025-yil 3-sentabrdan yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi oʻquv yili boshlandi. Shu jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ham 2025/2026-oʻquv yili ko‘tarinki ruhda qarshi olindi.
Mazkur oʻquv yili universitet hayotida katta islohotlar va yangiliklar yili boʻlishi kutilmoqda. Jumladan, oʻtgan oʻquv yilidan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Registrator ofisi” bu yil ham yanada takomillashtirilmoqda. Shuningdek, bosqichma-bosqich “Smart universitet” konsepsiyasi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Tantanali yig‘ilishda ta’kidlanganidek, universitet mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi islohotlar jarayonida doimo peshqadam boʻlib kelmoqda. Joriy yilda 1100 dan ziyod yoshlar ushbu dargoh talabasi boʻlish baxtiga muyassar boʻlishdi. Ulardan eng yuqori ball to‘plab kirgan yigit-qizlar o‘z quvonchlarini izhor qilib, ilk taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Tadbir “Mustaqillik darslari” bilan uzviy bog‘lanib, dastlabki ma’ruzani universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida olib bordi. Ushbu ma’ruza Zoom platformasi orqali barcha 1-bosqich talabalari uchun bevosita va bilvosita shaklda tashkil etildi.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z so‘zida shunday ta’kidladi:
“Biz Yangi O‘zbekiston kelajagini sizning ko‘zlaringizda ko‘ramiz. Bizning maqsadimiz – talabalarimizni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol, ma’naviyati va dunyoqarashi yuksak, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi etib tarbiyalashdir.”
Shunday qilib, yangi oʻquv yilida talabalarimiz ilmiy salohiyati yuksak professor-oʻqituvchilarimizdan muhim bilimlarni oʻzlashtirib, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari boʻlib yetishishlari uchun keng imkoniyatlarga ega boʻladilar.
Barchaga yangi oʻquv yilida omad, zafar va yuksak marralarni tilaymiz!!