Xalqaro tajribalarning amaliy natijasi
Amerika Kengashining Faculty Enrichment Program (FEP) dasturi bitiruvchilarining navbatdagi konferensiyasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Zaure Kertayeva ishtirok etib, dastur doirasida orttirgan tajribalarini O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida qo‘llash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi.
Taqdimotda 2021-yilda Amerika Kengashi granti asosida Pensilvaniya davlat universitetida o‘tagan stajirovka davomida o‘zlashtirilgan zamonaviy pedagogik yondashuvlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish mexanizmlari hamda ularning ta’lim jarayoniga tatbiq etilishi haqida batafsil so‘z yuritildi. Xususan, xalqaro tajribani mahalliy ta’lim tizimiga moslashtirish, talabalarning global ta’lim muhitidagi ishtirokini kengaytirish va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida erishilgan natijalar alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, taqdimot davomida AQSH va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, Pensilvaniya davlat universitetining EDGE dasturi doirasida mazkur universitet hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari ishtirokida yo‘lga qo‘yilgan virtual talaba almashinuvi loyihasi Faculty Enrichment Program dasturining muhim amaliy natijalaridan biri sifatida e’tirof etildi. Ushbu loyiha talabalar uchun xalqaro akademik muloqot, madaniyatlararo tajriba almashish va zamonaviy raqamli ta’lim muhitida hamkorlik qilish imkoniyatlarini yaratgani qayd etildi.
Konferensiyada xalqaro malaka oshirish dasturlarining oliy ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda uzoq muddatli akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, Zaure Kertayeva nafaqat Amerika Kengashining Faculty Enrichment Program dasturi bitiruvchisi, balki “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi sohibi sifatida Avstraliyaning Sidney universitetida ham malaka oshirgan. Turli xalqaro ta’lim dasturlarida orttirilgan tajribalar bugungi kunda universitetda ta’lim sifatini oshirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

