Islamjon Yakubov ilmiy maktabi

O‘zbek adabiyoti, xususan tarixiy va zamonaviy milliy romanchiligini paydo bo‘lishi, shakllanishi va takomillashish jarayoni, taraqqiyotiga xos yetakchi xususiyatlar, janr va uslub turfa xilligi, syujet va konflikt, badiiy nutq poetikasi, milliy ruh ifodasi, poetik  mahorat muammolari nuqtai nazaridan jahon adabiyotshunosligi kontekstida tadqiq etish, jahon adabiyotining umumnazariy muammolarini tizimli o‘rganish, ayniqsa mustaqillik davri o‘zbek romanlaridagi poetik yangilanishlar va ularning yuzaga kelishiga ta’sir etgan omillarni joriy adabiy jarayon konteksti va jahon adabiyoti aspektida yaxlit nazariy qarash va tasavvurlar hosilasi sifatida oydinlashtirish, hayotiy-estetik asoslarini ko‘rsatish tobora globallashib yagona expsixologik maydonga aylanib borayotgan davrimiz ehtiyoji nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Islamjon Yakubov tadqiqotlari sohadagi ana shunday yirik muammolar yechimiga qaratilgan. Uning tadqiqotlarida:
Milliy romanlarimiz taraqqiyotining ilgarigi bosqichlari va mustaqillik davri romanlari an’ana va novatorlik, poetik tasvir yo‘sinlari jihatidan o‘zaro qiyoslanib, makon va zamon konsepsiyasi ifodasidagi yangilanishlar aniqlandi. 
An’anaviy motivlar qo‘llash natijasida shayx-valiylar obrazini yaratishda sezilarli yutuqlarga erishilgani, milliy roman esselashuv miqyoslari va poetik ifoda yo‘sinlari kengaygani isbotlandi. 
Romanlarda janr modifikatsiyasi sodir bo‘lib, badiiylik moduslari yangilanishi natijasida janrning yangi shakllari yuzaga kelgani aniqlandi va har bir shaklning struktural-semantik xossalari belgilandi.
Milliy romanchilikda gibrid asarlar yuzaga kelishi, simvolik tasvirga e’tibor ortishi voqelik tasvirida ob’ektiv reallik bilan kechinma uyg‘unlashuvining natijasi ekani asoslab berildi.
Poetik ifodada dunyoning ilg‘or adiblari asarlarida kuzatilgan rang-barang epik bayon yo‘sinlari milliy asosda o‘zlashtirilishi yangicha uslub va usullarni qo‘llash orqali turli nuqtai nazarlarni muayyan roman semantikasi va kompozitsion markazi tevaragida yaxlit uyg‘unlashtirish natijasi ekani dalillandi. 
Milliy romanlarda badiiy tasvir predmeti yangilanayotgani janr taraqqiyotining ilgarigi bosqichlarida kuzatilmagan kompozitsiya va shakldagi asarlar struktural-semantik tabiatini tushunib, his qiluvchi o‘quvchilar shakllanishi ehtiyojini yuzaga chiqargani yangi paradigma paydo bo‘lishining dastlabki belgilari ekani asoslab berildi. 
Filologiya fanlari doktori Islamjon Yakubov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning rahbarligida olib borilayotgan tadqiqotlar romanchilik tarixi va nazariyasi, zamonaviy adabiy jarayon va adabiy aloqalar, jahon adabiyoti muammolarini qamrab olgan. Olim adabiyotshunoslikning shu soha va yo‘nalishlarida 300 dan ortiq maqolalar, 6 ta monografiya 8 ta risola, o‘quv va o‘quv-uslubiy risolalar e’lon qilgan. 
Islamjon Yakubovning “O‘zbek romani tadriji” (2006), “Muhammad Ali ijodida tarixiy jarayon konsepsiyasi va liro-romantik talqin“ (2007), “Badiiy-estetik so‘z sehri” (2011), “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek nasri” (2011), “Badiiy matn va estetik talqin” (2013), “Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasi ” (2021) nomli ko‘lamdor nazariy tadqiqotlarni qamrab olgan monografiya va ilmiy to‘plamlari nashr etilgan. 
U bir qator nufuzli jurnallarda bosh muharrir va tahririyat a’zosi sifatida faoliyat yurgizib keladi. Jumladan:
“Center for advanced studies” jurnalining bosh muharriri;
“O‘zbekiston: Til va madaniyat” jurnali tahririyat a’zosi; 
“Filologik  tadqiqotlar: til, adabiyot, ta’lim” («Philological research: language, literature, education»/  ilmiy jurnali tahririyat a’zosi;
International Journal of Social Science and Human Research An Open Access Journal tahririyat a’zosi;

Olim respublikamizda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan:
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengash va Kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi;
O‘zR. FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy seminar a’zosi;
O‘zMU huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengash a’zosi, Kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi:
FarDU huzuridagi ilmiy seminar a’zosi;
Shuningdek, I.A.Yakubov O‘z R.VM huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi PQ 4884 qaror ijrosi bo‘yicha “O‘zR uzluksiz ta’lim Milliy dasturlarini takomillashtirish” komissiyasi a’zosidir.

Islamjon Yakubovning ilmiy maqolalari AQSh, Germaniya, Angliya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda e’lon qilingan. 
U OAV da, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining turli ko‘rsatuv va eshittirishlarida davrimizning muhim muammolari bo‘yicha faol ishtirok etib keladi. 
Olimning ilmiy rahbarligida bugungi kungacha 4 nafar filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilingan. Shuningdek, 3 nafar fan doktori (DSc) va 5 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari uning bevosita rahbarligi ostida yozilmoqda. 
Olim L.N.Gumilev nomidagi Yevraziya Milliy universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga muntazam tarzda onlayn ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. 
I.A.Yakubov respublikamizda yosh avlodni komil inson, kelajakning munosib vorislari qilib tarbiyalash borasida erishilayotgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda uyushma qoshidagi Adabiy tanqid ijodiy kengashining a’zosidir.