Yangiliklar

img
Tue, 04/28/2026 - 22:54

ToshDOʻTAUda Yunus Emro Turk madaniyati markazi ochildi

Joriy yilning 28-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yunus Emro instituti Toshkent ofisining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning tantanali ochilish qismidan avval mehmonlar e’tiboriga turk xalqining nafis merosi namunalaridan iborat "Tezhip" — oltin bezak san’ati ko‘rgazmasi havola etildi. Sharq kitobat madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan ushbu zarhallash san’ati namunalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Ushbu tarixiy voqea munosabati bilan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston va Turkiyaning taniqli olimlari, OAV vakillari hamda talaba yoshlar jam bo‘lishdi. Tadbirda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuq Ulutosh, Ozarbayjon Respublikasining elchisi Huseyn Guliyev, Yunus Emro instituti direktori, professor Abdurahmon Ali hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Isajon Sulton ishtirok etib, yangi markaz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladilar.

So‘zga chiqqanlar mazkur xayrli qadam nafaqat ikki tashkilot, balki O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an janobi oliylari o‘rtasidagi yuksak ishonch tufayli qaror topgan haqiqiy "oltin davri" mantiqiy natijasi ekanini ta’kidladilar. Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida mazkur markazni shunchaki til o‘rgatish dargohi emas, balki buyuk Navoiy va Yunus Emro merosini tadqiq etuvchi olimlar, yosh ijodkorlar va ziyolilar uchun erkin muloqot maydoni hamda yangi ilmiy-ta’limiy loyihalar o‘chog‘i sifatida ko‘rishini qayd etdi.

 

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Anqarada Alisher Navoiy haykalining qad ko‘tarishi va Xatay viloyatida “O‘zbekiston mahallasi” barpo etilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy ildizlar mushtarakligini dunyoga namoyon etdi.

 

Dunyoning 70 ta mamlakatida o‘zining 90 ta markaziga ega bo‘lgan nufuzli Yunus Emro institutining Toshkent ofisi uchun Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU tanlanishi bejiz emas. Zero, ToshDOʻTAU o‘zbek tili va milliy merosimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishni o‘zining bosh strategik maqsadi deb biladi. Universitet tashabbusi bilan bugun dunyoning turli shaharlarida, xususan, Bursa, Ganja, O‘sh, Dushanbe va Venetsiyada Alisher Navoiy nomidagi markazlar, Oksfordda esa O‘zbekshunoslik dasturi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkentda ochilgan Yunus Emro markazi ana shu ma’naviy rishtalarning mantiqiy davomi bo‘lib, turkiy dunyoning intellektual salohiyatini birlashtirish yo‘lida yangi ufqlarni ochadi.