Yangiliklar

img
Thu, 03/19/2026 - 21:31

Tashrif, muloqot va aniq topshiriqlar

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmonlari ijrosini ta’minlash, mahallalarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligini o‘rganish hamda aholi bilan bevosita muloqot orqali mavjud muammolarni aniqlashdan iborat bo‘ldi.

Mahalla raisi Z. Sayidxo‘jayeva bilan birgalikda hududda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ijtimoiy infratuzilma holati, obodonlashtirish ishlari va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Deputat tomonidan mahalla aholisi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, fuqarolarning murojaat va takliflari tinglandi. Ko‘tarilgan masalalarni tizimli hal etish, joylarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning yechimiga erishish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Tashrif doirasida mahallada yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, Z. Yakubova I guruh nogironi ekani, yagona o‘g‘li yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olib, son suyagi singani sababli oila murakkab ijtimoiy ahvolda ekani qayd etildi. Mazkur oila alohida e’tiborga muhtoj ekani ta’kidlanib, ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, mahalla raisi va faollariga ushbu oilaning holidan muntazam xabar olib borish, ijtimoiy ko‘makni tizimli tashkil etish, shuningdek, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Tashrif yakunida hududlarda Prezident tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, mahallabay ishlash tizimini kuchaytirish, aholi muammolarini manzilli hal etish va fuqarolar bilan ochiq muloqotni izchil davom ettirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.