Ramazon – mehr-oqibat va milliy qadriyatlar oyidir
Muqaddas Ramazon oyi xalqimiz hayotida nafaqat ibodat, balki mehr-muruvvat, saxovat va bag‘rikenglik fazilatlari yanada yuksaladigan ulug‘ davr sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Shu muborak kunlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida ham ezgu an’analar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, talabalar turar joyida yashayotgan talabalar uchun milliy taomimiz — osh tayyorlanib, har bir talabaga alohida idishlarda ulashildi. Bu tashabbus orqali yoshlar e’tibordan chetda qolmayotgani, ular uchun qulay va mehrli muhit yaratilayotgani yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Mazkur ezgu ishlar xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, hamjihatlik va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarning amaldagi ko‘rinishidir. Ayniqsa, Ramazon oyining fayzi va yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami ruhiga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar yoshlar qalbida milliy an’analarga hurmat, o‘zaro mehr va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Navro‘z yangilanish, poklanish va yaxshilik sari intilish timsoli bo‘lsa, Ramazon esa sabr-qanoat, saxovat va ruhiy kamolot oyidir. Ushbu ikki ulug‘ qadriyat uyg‘unligi esa jamiyatimizda ezgulik, totuvlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

