KOICA ko‘ngillilari uchun o’zbek tili o‘quv kursi yakunlandi
Bugun,24-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ko‘ngillilarining 169-guruhi uchun tashkil etilgan o‘zbek tili intensiv kursining yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Dastur davomida ishtirokchilar bir oy mobaynida o‘zbek tilini intensiv tarzda o‘rgandilar.
Kurs doirasida KOICA ko‘ngillilari jami 90 soatlik o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashib, o‘zbek tilining grammatikasi, so‘zlashuv nutqi va kundalik muloqot ko‘nikmalarini puxta o‘zlashtirdilar. Darslar nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligida olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar nafaqat til bilimlarini mustahkamladilar, balki o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlari bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning O‘zbekistondagi faoliyati va mahalliy aholi bilan samarali muloqot o‘rnatishiga xizmat qiladi.
Yakuniy tadbirda kurs ishtirokchilarining erishgan natijalari e’tirof etilib, ularga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyat tilandi. Shuningdek, o‘quv jarayoni davomida orttirilgan tajribalar yuzasidan fikr almashilib, o‘qituvchilarga minnatdorlik bildirildi.

Mazkur intensiv kurs Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xorijlik ko‘ngillilarning o‘zbek tilini o‘rganishiga ko‘maklashish hamda madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.


