Ka-Foskari universitetida muzokaralar o‘tkazildi
O‘zbekiston–Italiya rektorlarining Ikkinchi forumi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Gulyamova Venetsiyadagi Ka-Foskari universitetida bo‘lishdi.
Ular Ka-Foskari universiteti rektori Tiziana Lipiello bilan uchrashib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Suhbat davomida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar integratsiyasini kuchaytirish hamda grant loyihalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida italyan tili va madaniyati markazini tashkil etish, Venetsiyadagi Ka-Foskari universitetida esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha aniq tashkiliy jihatlar ko‘rib chiqildi. Mazkur markazlar ikki mamlakat o‘rtasida til, adabiyot va madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

Shuningdek, birgalikda turli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonida bajarilishi zarur bo‘lgan ilmiy, tashkiliy va texnik ishlar yuzasidan fikr almashildi. Loyiha bosqichlarini muvofiqlashtirish, qo‘shma ilmiy guruh faoliyatini tashkil etish hamda dolzarb yoʻnalishlarda raqamli platformalar yaratish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.


