Yangiliklar

img
Sat, 02/28/2026 - 22:02

Ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish yoʻlida muhim qadam

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar uchun ilk bor fundamental o‘quv kurslari tashkil etildi. Bir hafta davom etgan mashg‘ulotlar ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish, metodologik bilimlarni mustahkamlash va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratildi.

Kurslar doirasida professor-o‘qituvchilar tomonidan turli dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qildi. Professor Klara Mavlanova tadqiqot strategiyasini belgilash, ilmiy muammoni aniqlash va metod tanlash mezonlari bo‘yicha aniq va amaliy tavsiyalar berdi. Professor Bahodir Karimov esa adabiyotshunoslik metodlarini sharhlab, ilmiy izlanishlarda to‘g‘ri metod tanlashning ahamiyatini yoritdi. Professor Zulxumor Xolmanova ilmiy matnni shakllantirish jarayoni, imlo va uslub masalalari hamda ilmiy nutq madaniyati bo‘yicha amaliy yo‘riqnomalarni taqdim etdi.

  

Dotsent Nodira Isamuhammedova lingvistik va tarjimashunoslik tadqiqotlarida korpus metodlaridan foydalanish imkoniyatlarini yoritib, raqamli manbalar bilan ishlash ko‘nikmalarining muhimligini ta’kidladi. Professor Margarita Galiyeva konseptual tahlil metodining nazariy asoslari va amaliy qo‘llanishini misollar bilan tushuntirdi. Dotsent Visola Tashpulatova tarjimashunoslik sohasida tadqiqot olib borish tamoyillari va xalqaro tajribadan foydalanish yo‘llarini bayon qildi. Dotsent Nargiza Mahmudova zamonaviy adabiyotshunoslikda shakllanayotgan yangi ilmiy yo‘nalishlar, nazariy va qiyosiy tadqiqotlar, fanlararo yondashuvlar, empirik hamda raqamli metodlar haqida ma’ruza qildi. 

  

Professor Dilnavoz Yusupova adabiyotshunoslik tadqiqotlari yuzasidan tavsiya va takliflarni taqdim etdi. Dotsent Nazokat Yusufjonova pedagogik jarayonda Blum taksonomiyasidan samarali foydalanish metodikasini tushuntirib, ilmiy va pedagogik yondashuvlarni takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratdi. Professor Hamidulla Dadaboyev tadqiqotlar sifatini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish yo‘llarini yoritdi. Dotsent Iroda Azimova neyrolingvistik va psixolingvistik tadqiqotlar asoslari hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarning istiqbollarini taqdim etdi. Dotsent Botir Elov SCOPUS bazasida indekslanuvchi ilmiy maqolalarni yozish usullari va xalqaro ilmiy platformalarda faoliyat yuritish mezonlarini tushuntirdi.

  

Alohida ta’kidlash lozimki, professor Nozliya Normurodovaning “Filologik tadqiqotlarda zamonaviy metodlar” mavzusidagi ma’ruzasi kurslarning mazmun-mohiyatini belgilab berdi. Ma’ruzada zamonaviy filologik tadqiqotlarda metodologik tafakkur, fanlararo yondashuv, nazariy asoslanganlik va konseptual yaxlitlik masalalari chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, ilmiy izlanishlarda yangicha yondashuv, tahlil va interpretatsiya imkoniyatlari kengaytirildi, tadqiqot natijalarini xalqaro miqyosda e’tirof etish yo‘llari ko‘rsatildi.

  

Mashg‘ulotlar interaktiv tarzda, savol-javob va muhokamalar orqali o‘tkazilib, tinglovchilarga aniq va amaliy tavsiyalar berildi.

Ushbu fundamental o‘quv kurslari yosh tadqiqotchilarning metodologik savodxonligini oshirish, ilmiy tafakkurini rivojlantirish va xalqaro ilmiy maydonda raqobatbardosh tadqiqotlar olib borish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Tashabbus universitetda ilmiy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.