Yangiliklar

img
Sat, 03/14/2026 - 16:35

Forum doirasida ToshDO‘TAU vakillarining ma’ruzalari

Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida 13-mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi bo‘lib o‘tdi. S. Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan nufuzli tadbirda ikki mamlakatning oliy ta’lim tizimi rahbarlari, yetakchi universitetlar rektorlari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. Forum ochilishida Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ergash Shoismatov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari haqida fikr bildirdi.

Forum dasturi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari ham ma’ruzalar bilan qatnashdi. Xususan, universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimining rivojlanishi: dinamika va xalqaro integratsiya” mavzusida ma’ruza qildi. Unda mamlakatda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish jarayonlari, universitetlarning xalqaro akademik makonga integratsiyalashuvi, ta’lim eksportini kengaytirish hamda ilmiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yoritildi. Shuningdek, ma’ruzada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro akademik faoliyati, xorijdagi o‘zbek tili va madaniyat markazlari hamda ilmiy hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berildi. 

  

Forumda universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ham ma’ruza qilib, universitetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro ilmiy hamkorlik dasturlari, zamonaviy ilmiy platformalar hamda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘z yuritdi. U tilshunoslik va adabiyotshunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy muhitga jalb etish hamda universitetlararo ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

  

Mazkur ma’ruzalar forum ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglanib, O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim fikr va takliflar ilgari surildi.