Zulfiya tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha
2026-yil 25-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi 206-guruh talabalari hamda tyutor Uljaboyeva Iroda rahbarligida O‘zbekiston xalq shoirasi, xalqaro mukofotlar laureati Zulfiya Isroilova tavallud kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Adabiy-badiiy kecha davomida talabalar tomonidan shoira hayoti va ijod yo‘liga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Unda Zulfiya ijodining turli davrlarini aks ettiruvchi lavhalar, uning hayotiy pozitsiyasi, Vatanga muhabbati va xalq dardini kuylagan she’rlari badiiy talqinda ifoda etildi. Talabalar tomonidan shoiraning eng sara she’rlaridan namunalar yod o‘qilib, ularning mazmun-mohiyati tahlil qilindi.
Shuningdek, tadbirning badiiy qismi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Unda qo‘shiqlar va raqslar ijro etilib, shoira hayoti va ijodiga oid ayrim lavhalar sahnalashtirildi. Bu chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, adabiy merosga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirdi.

Tadbirning asosiy maqsadi Zulfiya she’riyatida mujassam bo‘lgan vatanparvarlik, xalqchillik, sevgi va sadoqat kabi yuksak g‘oyalarni keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida milliy adabiyotimizga nisbatan hurmat va e’tibor tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Mazkur adabiy-badiiy kecha talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda buyuk adiblar merosini chuqur o‘rganishga undashda muhim ahamiyat kasb etdi.


