Yangiliklar

img
Wed, 05/20/2026 - 09:01

Zilzilaga tayyorgarlik — xavfsizlik garovi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida targ‘ibot va tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbir talaba-yoshlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, ularning xavfsizlik madaniyatini shakllantirish hamda zilzila vaqtida to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda Yakkasaroy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi profilaktika inspektori, katta leytenant Rustamov Jamshid ishtirok etib, talabalarga zilzila sodir bo‘lgan vaqtda vahimaga berilmaslik, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, bino ichida va ochiq hududda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha batafsil tavsiyalar berdi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda birinchi navbatda inson hayoti va salomatligini asrash muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalar uchun zilzila vaqtida xavfsiz joylarni aniqlash, evakuatsiya yo‘laklaridan foydalanish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tezkor xizmatlarga murojaat qilish tartiblari haqida ham tushuntirishlar berildi. Mutaxassislar tomonidan real hayotiy misollar asosida tavsiyalar berilib, ishtirokchilarning mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollariga javob qaytarildi.

Shuningdek, universitetda fuqaro muhofazasi va mehnat xavfsizligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, talaba va xodimlar xavfsizligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar, profilaktik mashg‘ulotlar hamda targ‘ibot ishlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Mazkur tadbir yoshlarning favqulodda vaziyatlarga nisbatan hushyorligini oshirish, ularda mas’uliyat hissini kuchaytirish hamda har qanday xavfli vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.