Yangiliklar

img
Fri, 03/06/2026 - 11:34

“Zehn” kitobxonlik klubi mashg‘uloti

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar ishtirokida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan “Zehn” Kitobxonlik klubining navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy mashg‘uloti tashkil etildi.

Noila Bazarbayeva boshchiligida o‘tkazilgan mazkur mashg‘ulot talaba-yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib etish, ularning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ma’naviy-intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratildi. Tadbir davomida talabalar faol ishtirok etib, badiiy adabiyotning inson tafakkuri, dunyoqarashi va ma’naviy kamolotidagi o‘rni haqida fikr almashdilar.

Mashg‘ulot jarayonida talabalar ikki guruhga bo‘linib, o‘zaro raqobat ruhida jamoalar shakllantirildi. Har bir jamoaga sardorlar tayinlanib, haftaning kitobi sifatida o‘zbek adabiyotiga mansub badiiy asar tanlandi. Tanlangan asar yuzasidan talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, uning g‘oyaviy mazmuni, badiiy xususiyatlari hamda asarda ilgari surilgan ijtimoiy va ma’naviy g‘oyalar haqida bahs-munozara olib bordilar. Savol-javoblar, muhokamalar va jamoaviy topshiriqlar orqali talabalar o‘z bilimlarini namoyon etish bilan birga, jamoada ishlash, fikrni asoslab bayon etish hamda tahliliy mushohada yuritish ko‘nikmalarini ham rivojlantirdilar.

Tadbir davomida kitob mutolaasi yoshlarning intellektual va ma’naviy kamolotida muhim omil ekani alohida ta’kidlandi. Badiiy adabiyot inson tafakkurini boyitishi, estetik didni shakllantirishi, milliy qadriyatlar va umuminsoniy g‘oyalarni anglashga yordam berishi haqida fikrlar bildirildi.

 

Mazkur kitobxonlik mashg‘uloti talaba-yoshlarda kitobga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlash, mutolaa madaniyatini shakllantirish hamda ularning ma’naviy rivojlanishiga xizmat qildi. Shu bilan birga, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularni fikrlashga, tahlil qilishga va o‘z qarashlarini erkin ifoda etishga undashi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.