Zamonaviy yondashuv: innovatsion fikrlash darsi
2026-yil 30-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” loyihasi doirasida “Innovatsion fikrlash” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi mazmunli va interaktiv mashg‘ulot tashkil etildi. Ushbu dars Siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Axmedov Jasur Israilovich tomonidan olib borildi va unda talabalar faol ishtirok etdilar.
Mashg‘ulot davomida innovatsion fikrlash tushunchasining mohiyati, uning zamonaviy jamiyat va mehnat bozoridagi o‘rni, shuningdek, shaxsiy hamda kasbiy rivojlanishdagi ahamiyati keng yoritib berildi. Ma’ruzachi innovatsion yondashuv faqat yangi g‘oyalar yaratish bilangina cheklanib qolmasdan, balki mavjud muammolarga noodatiy va samarali yechimlar topish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda ijodiy salohiyatni yuzaga chiqarishda muhim omil ekanini ta’kidladi.
Dars jarayonida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr va mulohazalari tinglandi. Amaliy misollar, hayotiy vaziyatlar va zamonaviy tendensiyalar asosida innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lish uchun kreativlik, moslashuvchanlik, muammolarni tezkor hal etish qobiliyati kabi kompetensiyalar muhim ekani alohida qayd etildi.
Mashg‘ulot davomida talabalar kichik guruhlarga bo‘linib, berilgan muammoli vaziyatlar yuzasidan o‘z yechimlarini ishlab chiqdilar va taqdim etdilar. Bu esa ularning jamoada ishlash, o‘z fikrini asoslab berish hamda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi hamda innovatsion fikrlashni kundalik hayotga tatbiq etish bo‘yicha foydali tavsiyalar taqdim etildi. Mazkur mashg‘ulot talabalar uchun nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Kelajak soati” doirasida o‘tkazilayotgan bunday darslar yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy fikrlovchi, tashabbuskor va innovatsion yondashuvga ega mutaxassislar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

