Yangiliklar

img
Thu, 04/16/2026 - 17:42

Zamonaviy tarjimashunoslik: nazariya va amaliyot uyg‘unligi

2026-yil 15-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshidagi “Tarjimashunoslik” xalqaro nazariy-metodologik seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir an’anaviy hamda masofaviy, ya’ni Zoom platformasi orqali tashkil etildi.

Seminarni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova ochib berdi. U “O‘zbekistonda tarjimashunoslik sohasida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi ma’ruzasida zamonaviy tarjima jarayonining interdissiplinar xususiyat kasb etayotganini, unda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalari faol qo‘llanilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, turli platformalar tarjima samaradorligini oshirayotgan bo‘lsa-da, inson omilining hal qiluvchi ahamiyati saqlanib qolayotgani alohida qayd etildi.

Seminarda xalqaro miqyosdagi mutaxassislar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, Angliyaning Birmingham universiteti Zamonaviy tillar kafedrasi professori, tarjimashunos olima Sofia Malamatido “Korpus triangulyatsiyasi va uning tarjimashunoslikda qo‘llanilishi” mavzusida chiqish qildi. Ma’ruzada turli korpuslar majmuasi asosida “corpus triangulation” usulini shakllantirish, turli manbalarni qiyoslash orqali ilmiy natijalarga erishish jarayonini soddalashtirish hamda tadqiqot manbalarini kengaytirish imkoniyatlari yoritildi. Shuningdek, ingliz va rus tillari materiallari asosida korpus triangulyatsiyasi yordamida tarjima variantlarini tahlil qilish va tafovutlarni aniqlashning samarali usullari amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi.

 

Shuningdek, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, PhD Gulnoz Mamarasulova “Siyosiy diskurs tarjimasida kommunikativ-pragmatik strategiyalar” mavzusida ma’ruza qildi. Unda siyosiy nutqni tarjima qilish jarayonida kontekst, auditoriya va kommunikativ maqsadni to‘g‘ri hisobga olish zarurligi asoslab berildi.

 

Seminar yakunida ma’ruzachilar tomonidan ilgari surilgan nazariy yondashuvlar, metodologik tavsiyalar hamda amaliy misollar tarjimashunoslik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.