Yangiliklar

img
Thu, 05/07/2026 - 22:44

Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.  

Mazkur xalqaro anjuman universitetning “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi hamda “Safo” psixologik markazi hamkorligida tashkil etildi. Konferensiyada O‘zbekiston va xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari hamda tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida zamonaviy jamiyatda sotsiologik jarayonlarni tadqiq etish, amaliy psixologiyaning dolzarb masalalari, ijtimoiy ish tizimini takomillashtirish, pedagogik innovatsiyalar hamda inklyuziv madaniyatni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi va ilmiy muhokamalar olib borildi.

Konferensiyada Akademik E.A. Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti, Sankt-Peterburg davlat texnologiya instituti, Karabuk universiteti, Shakarim nomidagi Semey universiteti, Shri Lanka janubi-sharqiy universiteti, Pekin chet tillari universiteti hamda boshqa xalqaro va milliy ilmiy markazlar vakillari qatnashdi.

  

Anjuman doirasida yosh olimlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan inson kapitalini rivojlantirish, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga oid g‘oyalar bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.  

  

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ilmiy muloqot maydonini kengaytirish, yangi ilmiy g‘oyalarni ilgari surish hamda O‘zbekistonning global ilmiy makondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.