Yangiliklar

img
Mon, 04/06/2026 - 13:34

Zakovatda munosib ishtirok va yuksak natija

“Butunjahon ijtimoiy ish kuni” munosabati bilan respublikamizda keng nishonlanayotgan “Ijtimoiy ish oyligi” doirasida ijtimoiy soha vakillarini birlashtiruvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri — “Zakovat” intellektual o‘yini yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur bellashuv nafaqat bilimlar sinovi, balki ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda kelajak egalarini bir maydonga jamlab, ularning o‘zaro tajriba almashishiga xizmat qilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Intellektual o‘yinda jami 29 ta jamoa ishtirok etdi. Ulardan 14 tasi respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan ijtimoiy xodimlar jamoalari bo‘lsa, yana 15 tasi oliy ta’lim muassasalarida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar jamoalaridan iborat bo‘ldi. Har bir jamoa 6 nafardan ishtirokchini o‘z ichiga olgan holda, o‘zaro bilim, mantiqiy fikrlash, tezkorlik va jamoaviy hamkorlik borasida kuch sinashdi.

Bellashuv davomida ishtirokchilar turli yo‘nalishlardagi savollarga javob berish orqali o‘z bilim salohiyatlarini namoyon etdilar. Savollar ijtimoiy soha, tarix, madaniyat, zamonaviy bilimlar hamda mantiqiy masalalarni qamrab olgani bilan ajralib turdi. Bu esa o‘yinning qiziqarli va murosasiz ruhda o‘tishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur nufuzli musobaqada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasining “Ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar jamoasi ham faol ishtirok etdi. Universitetimiz sharafini himoya qilgan talabalar o‘zlarining puxta tayyorgarligi, keng dunyoqarashi va tezkor fikrlash qobiliyati bilan alohida ajralib turdilar.

 

Ayniqsa, talabalar jamoalari o‘rtasidagi bahslar nihoyatda keskin va qiziqarli tarzda kechdi. Har bir savol ustida jamoaviy muhokamalar, fikrlar almashinuvi va aniq xulosalarga kelish jarayoni ishtirokchilarning bilim darajasi bilan bir qatorda ularning muloqot madaniyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini ham yaqqol namoyon etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, universitetimiz talabalari 15 ta oliy ta’lim muassasalari jamoalari orasida yuqori natijani qayd etib, faxrli 2-o‘rinni egalladilar. Ushbu yutuq nafaqat jamoa a’zolarining mehnati, balki ularni tayyorlagan ustozlarining samarali faoliyati natijasi sifatida ham alohida e’tiborga loyiqdir.

 

Talabalarimizning ushbu muvaffaqiyati universitetimizda ta’lim sifati yuqori darajada ekanini, yoshlarning ijtimoiy sohaga bo‘lgan qiziqishi va mas’uliyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bunday tanlov va musobaqalarda ishtirok etish talabalarning bilimlarini mustahkamlash, ularni amaliy fikrlashga o‘rgatish hamda kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim o‘rin tutadi.

Universitet jamoasi ushbu yutuq bilan barcha talabalarni samimiy muborakbod etadi hamda kelgusida yanada ulkan zafarlar, yangi marralar va yuqori natijalarga erishishlariga tilakdosh ekanini bildiradi.