Yangiliklar

img
Wed, 02/01/2023 - 17:28

Yuksak tafakkur sohiblari

ToshDO‘TAUda   an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan Xalqaro ilmiy  anjumanlarning xalqaro ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgani hech kimga sir emas.  Bunday  anjumanlarda  turli mamlakatlarning  yetakchi mutaxassislari  dolzarb mavzulardagi ilmiy ma’ruzalar bilan faol ishtirok etmoqda. 
2023-yilning 1-fevral kuni tashkil etilgan navbatdagi Xalqaro ilmiy seminar   Alisher Navoiy tavalludining 582, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlandi. “YUKSAK TAFAKKUR SOHIBLARI”    mavzusida o‘tkazilgan mazkur Xalqaro ilmiy  seminarni universitet rektori filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi.    


        Xalqaro ilmiy  seminarda O‘zbekiston,  Qozog‘iston,  Qirg‘iziston,  Turkiya,  Turkmaniston,  Xitoy,  Ozarbayjon singari davlatlardan yetuk tilshunos,  adabiyotshunos,  turkolog olimlar ishtirok etdi.  Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi
Jumabek Tashenov nomidagi universitet, Xitoy  Markaziy Millatlar universiteti, Me’mor  Sinon nomidagi Istambul Nafis san’atlar universiteti, Otaturk universiteti, Manas nomidagi Xalqaro qirg‘iz-turk  universiteti, Turkmaniston FA Milliy qo‘lyozmalar instituti, Nasimiy nomidagi
Ozarbayjon Milliy FA Tilshunoslik instituti  olimlarining ma'ruzalarida qimmatli ma'lumotlar qayd etildi. 


Ma’ruzalarda  Navoiy va Bobur ijodining g‘oyaviy,  falsafiy asoslari,  lisoniy xususiyatlari,  ijtimoiy ahamiyati ilmiy asoslarga tayanib tahlil qilindi.  Seminarda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar,   hamkorlik  asosidagi nashrlar rejasi, xalqaro loyihalar   yuzasidan fikr almashildi.  
      Ushbu ilmiy anjumanning yana bir qulay tomoni shundaki,  u bir paytning o‘zida ham an’anaviy,  ham masofaviy shaklda o‘tkaziladi.   Soha mutaxassislari, barcha qiziquvchilar Zoom platformasi orqali  seminarni kuzatishlari,  olimlarga savol berishlari,  tahlillarni tinglashlari, munozaralarda ishtirok etishlari mumkin.  


Xalqaro seminar respublika televideniyesida keng yoritildi. Seminarda ishtirok etgan respublika OTM professorlari o‘z taassurotlarini televideniye orqali bayon qildilar.


Bugungi Xalqaro ilmiy seminarda ham mavzuga doir eng so‘nggi tadqiqotlar natijalari tinglandi,  yosh ilmiy izlanuvchilarning savollariga  batafsil javob berildi.