Yotoqxonada talaba-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
Yakkasaroy tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda ijtimoiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurildi.
Mazkur tashrifda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Gulnoza Jo’rayeva hamda Yakkasaroy tumani hokimining o‘rinbosari – tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Rasulmuhamedova ishtirok etdi.
Tashrif davomida universitet yotoqxonasida talaba-qizlar uchun yaratilgan yashash va rivojlanish sharoitlari atroflicha o‘rganildi. Xususan, talaba-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqish va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan amaliy mashg‘ulotlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Jumladan, talaba-qizlar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tikuvchilik, pazandachilik va go‘zallik saloni kabi yo‘nalishlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Ushbu amaliy yo‘nalishlar yoshlarning kasb-hunar egallashi, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirishi bilan birga, ularning tadbirkorlik salohiyatini oshirish, mustaqil daromad manbalariga ega bo‘lishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, bunday tashabbuslar talaba-qizlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
O‘rganish jarayonida talaba-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning yashash sharoitlari, mashg‘ulotlarni tashkil etish jarayonida uchrayotgan muammolar va takliflari tinglandi. Bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash, amaliy yo‘nalishlar qamrovini kengaytirish hamda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur tashrif talaba-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasbiy va shaxsiy rivoji uchun zarur sharoitlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

