Yoshlar ma’naviyati – barqaror taraqqiyot kafolati
“Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” hamda “Yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilishda ma’rifatning o‘rni” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Uchrashuvda qo‘mita xodimi Mardonov Zokirjon Aliqul o‘g‘li ma’ruza qilib, bugungi globallashuv jarayonida yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Ma’ruzada turli ekstremistik va zararli oqimlarning asl maqsadi yoshlar ongini egallash ekani, bunday tahdidlarga qarshi eng samarali yo‘l – bu chuqur bilim, mustahkam e’tiqod va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishdan iboratligi qayd etildi.
Shuningdek, dinning asl mohiyati insonparvarlik, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalariga asoslanishi, uni noto‘g‘ri talqin qilish jamiyat barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida fikr yuritildi. Inson qadri, uning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash har qanday demokratik jamiyatning ustuvor vazifasi ekani alohida urg‘ulandi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Ular ma’naviy tahdidlar, diniy savodxonlik, huquqiy madaniyat hamda shaxsiy mas’uliyat masalalarida batafsil tushuntirishlar oldilar. Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning fikrlash doirasini kengaytirishga, ularda mustaqil va tanqidiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qildi.


