Yoshlar bilan uchrashuv o'tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar ishtirokida keng qamrovli va mazmunli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, ayniqsa ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni turli tazyiq va zo‘ravonlik holatlaridan asrashga qaratilgan dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Tadbir davomida “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmonning mazmun-mohiyati keng va atroflicha yoritib berildi.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i D. Rasulmuxamedova, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Sh. Ibragimova, shuningdek, tuman Adliya bo‘limi mas’ul xodimlari hamda targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirok etdilar. Ular tomonidan Farmonning qabul qilinish sabablari, asosiy maqsad va vazifalari, jamiyat hayotidagi o‘rni hamda uning ijrosini ta’minlash mexanizmlari yuzasidan batafsil va tizimli tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida ayniqsa, ayollar va voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy yondashuvlari, zo‘ravonlikning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan huquqiy, ijtimoiy va psixologik yordam turlari haqida keng ma’lumot berildi. Shu bilan birga, mavjud muammolar, ularning kelib chiqish sabablari hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislar tomonidan Farmon doirasida joriy etilgan yangiliklar, xususan, himoya orderlari tizimi, zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash va oldini olish mexanizmlari, profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, fuqarolarning murojaat qilish tartiblari, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari hamda tegishli tashkilotlarning o‘rni haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.

Uchrashuv jarayonida talaba-yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni jamiyatda faol va mas’uliyatli fuqaro sifatida shakllantirish, gender tenglik tamoyillarini keng targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni turli zararli illatlardan asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va mustahkam oila qadriyatlarini shakllantirish borasidagi fikrlar ham keng muhokama qilindi.
Tadbir davomida real hayotiy misollar asosida ochiq muloqot tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol qatnashdilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan batafsil javoblar yoshlarning mavzuga oid bilim va tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qildi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning huquqiy ongini oshirish va kelgusida turli muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda bunday targ‘ibot tadbirlarini muntazam tashkil etish yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirishda muhim omil ekani alohida qayd etildi. Mazkur uchrashuv esa talaba-yoshlar uchun nafaqat bilim, balki hayotiy saboq bo‘lib xizmat qildi.

