Yangiliklar

img
Mon, 06/15/2026 - 12:50

Yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan seminar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning texnologik masalalari” mavzusidagi qisqa muddatli malaka oshirish oʻquv seminari boshlandi.

Mazkur oʻquv seminari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025-yil 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasida 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan taqdimotda belgilangan 5-sonli topshiriqning 17.a-bandida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Unga koʻra, oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlari (direktor oʻrinbosarlari) uchun ma’naviy-ma’rifiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan malaka oshirish kurslarini muntazam tashkil etish belgilangan.

Joriy yilning 15–17-iyun kunlari davom etadigan seminarda respublikadagi davlat, nodavlat hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul rahbarlari ishtirok etmoqda. Uch kunlik oʻquv dasturi tinglovchilarning kasbiy kompetensiyasini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamonaviy talablar asosida tashkil etish, yoshlar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan.

Seminarning ilk kunida bugungi dunyoning siyosiy-mafkuraviy manzarasi, yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda badiiy yondashuvning o‘rni, “Ma’naviyat va ma’rifat xonasi” faoliyatini samarali tashkil etish metodikasi hamda ta’lim va boshqaruv jarayonlarida germenevtik yondashuvlar kabi muhim mavzularda yetuk mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar o‘qiladi.

 

Keyingi kunlarda sun’iy intellekt va undan foydalanish madaniyati, zamonaviy rahbarning ma’naviy qiyofasi, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, axborot iste’moli madaniyati va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishning zamonaviy texnologiyalari, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning dolzarb yo‘nalishlari, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” davlat dasturining ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ustuvor vazifalari hamda davlat tili siyosatining dolzarb masalalari yuzasidan seminar-trening va ma’ruzalar tashkil etiladi.

 

Ta’kidlash joizki, mazkur malaka oshirish kursi oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini yangi bosqichga olib chiqish, soha mas’ullarining bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish, yoshlarning ma’naviy kamoloti va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘z faoliyatlarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan zamonaviy metodik tavsiyalar, innovatsion yondashuvlar hamda amaliy tajribalar bilan boyitilgan bilimlarga ega bo‘ladilar.