Yangiliklar

img
Thu, 02/12/2026 - 10:19

Yosh tarjimonlar oʻrtasida “Brain ring” bellashuvi o‘tkazildi

2026-yil 11-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo’nalishi 1-kurs faol talabalari ishtirokida “Brain ring” nomli intellektual bellashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir talabalarning ingliz tili bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda jamoaviy ishlash madaniyatini shakllantirishga qaratildi.

Zakovat uslubida o‘tkazilgan bellashuv uch bosqich asosida tashkil etildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilarga ingliz tili grammatikasi, leksikasi va tarjima amaliyotiga oid savollar berildi. Ikkinchi bosqichda umumiy dunyoqarash, adabiyot, madaniyat va zamonaviy ijtimoiy jarayonlarga oid savollar orqali talabalar bilim doirasi sinovdan o‘tkazildi. Yakuniy bosqichda esa savollar murakkablashib, tezkor fikrlash, jamoaviy muhokama va aniq javob berish ko‘nikmalari asosiy mezon sifatida baholandi.

Bellashuv jarayonida ishtirokchilar nafaqat savollarga javob berishdi, balki o‘z jamoalarini ifodalovchi tasviriy plakatlar ham tayyorlab kelishdi. Bu esa tadbirga ijodiy ruh bag‘ishlab, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirdi. Hakamlar hay’ati a’zolari har bir jamoaning bilim saviyasi, jamoaviy ishlashi, nutq madaniyati hamda ijodiy yondashuvini alohida mezonlar asosida baholab bordi.

 

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan bellashuv yakunida 104-guruh jamoasi eng yuqori natijani qayd etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tadbir so‘ngida g‘olib bo‘lgan hamda faol ishtirok etgan talabalar sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Mazkur intellektual bellashuv talabalarning chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy va analitik fikrlashini rivojlantirish hamda fakultetda bilimga asoslangan sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.