“Yosh pedagoglar” toʻgaragi faoliyatidan
Joriy yilning 27-mart kuni O‘zbek adabiyoti va uni oʻqitish kafedrasi huzuridagi “Yosh pedagoglar” toʻgaragi tashabbusi bilan Yakkasaroy tumanidagi 91-maktabda “Yosh pedagoglarni PISA xalqaro baholash dasturiga muvofiq oʻqish savodxonligini oshirish va kreativ fikrlashga oʻrgatish masalalari” mavzusida maqsadli oʻquv-amaliy mashgʻulot oʻtkazildi.
Mashgʻulotni toʻgarak rahbari — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti va uni oʻqitish kafedrasi oʻqituvchisi Oysuluv Musurmonkulova olib bordi. Darsning bevosita maktab muhitida tashkil etilishi boʻlajak pedagoglar uchun muhim amaliy tajriba maydonini yaratdi. Bunday yondashuv talabalar tomonidan nazariy bilimlarni real taʼlim jarayoniga tatbiq etish, oʻqituvchilik faoliyatining mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash imkonini berdi.
Mashgʻulot davomida PISA xalqaro baholash dasturi talablari asosida oʻqish savodxonligini rivojlantirish, matnni tahlil qilish, mazmunni anglash va interpretatsiya qilish, shuningdek, kreativ fikrlashni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Talabalar kichik guruhlarda ishlash orqali muammoli vaziyatlarni tahlil qildi, turli yondashuvlar asosida yechimlar ishlab chiqdi va ularni asoslab berishga harakat qildi.

Jarayonda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlardan samarali foydalanildi. Jumladan, gipotezani ilgari surish va tekshirishda “Sinektika”, mohiyatni aniqlashda “Labirint”, sabab-oqibat bogʻliqligini tahlil qilishda “SCAMPER” metodlari qoʻllanildi. Ushbu metodlar talabalarning tanqidiy va ijodiy fikrlashini rivojlantirish, bilim va koʻnikmalarini jamoaviy faoliyatda qoʻllash darajasini oshirishga xizmat qildi.
Amaliy topshiriqlar orqali talabalar mustaqil fikr bildirish, dalillash, muloqotga kirishish hamda jamoada samarali ishlash koʻnikmalarini namoyon etdilar. Mashgʻulot yakunida bajarilgan ishlar tahlil qilinib, ilgari surilgan gʻoyalar va yechimlar muhokama qilindi.

Mazkur oʻquv-amaliy mashgʻulot nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, boʻlajak pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash hamda zamonaviy taʼlim talablariga mos pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

