“Yosh munaqqid” klubida she’riyat va badiiy tafakkur haqida muloqot
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi huzuridagi “Yosh munaqqid” klubining navbatdagi mashg‘ulotlari doirasida taniqli shoiralar Dilrabo Mingboyeva va Oydinniso bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlarni “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor U.Jo‘raqulov ochib berdi. Uchrashuvlarda kafedra professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar, she’riyat ixlosmandlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar taniqli shoiralar ijodi bilan yaqindan tanishish, ularning poetik qarashlari hamda zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Adabiy muloqotlar chog‘ida Dilrabo Mingboyevaning “Sukunat” va “Yo‘ldagi ayol”, Oydinnisoning “Afv” va “Arafa” nomli she’riy to‘plamlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, poetik talqini va badiiy-estetik ahamiyati yuzasidan fikr almashildi. Asarlarda aks etgan inson ruhiyati, ayol qalbi, hayot va zamon talqiniga oid masalalar tahlil qilindi.
Ijodiy uchrashuvlar davomida shoiralar o‘zlarining adabiyotga kirib kelish jarayoni, she’rlarining yaratilish tarixi, badiiy tafakkur, obrazlilik va poetik mahorat masalalari haqida qiziqarli mulohazalar bildirdilar. Tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarib, ijodning mas’uliyati, ilhom manbalari va zamonaviy she’riyatning o‘ziga xos jihatlari xususida samimiy suhbat qurdilar. Shuningdek, shoiralar o‘z qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qib, yig‘ilganlarga yuksak estetik zavq ulashdilar.

Samimiy va qizg‘in bahs-munozaralar ruhida kechgan mazkur uchrashuvlar yosh munaqqidlar, doktorantlar va magistrantlar uchun muhim ijodiy maktab vazifasini o‘tadi. Tadbirlar yoshlarning adabiy-estetik qarashlarini boyitish, badiiy tafakkurini rivojlantirish hamda zamonaviy o‘zbek she’riyati namoyandalari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.


