“Yosh faylasuflar”ning navbatdagi mashg‘uloti
2026-yil 25-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh faylasuflar” ilmiy to‘garagining navbatdagi — to‘rtinchi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Mazkur mashg‘ulot talabalarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, falsafiy tafakkurini rivojlantirish, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Mashg‘ulot doirasida “Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Temur va Temuriylar davri falsafasi” hamda “G‘arb Uyg‘onish davri falsafasi” mavzulari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda mehmon ma’ruzachi sifatida universitet “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Bozarov Abdulboqi Abduraximovich ishtirok etib, “G‘arb Uyg‘onish davri falsafasi” mavzusida mazmunli va ilmiy asoslangan ma’ruza taqdim etdi. Ma’ruza davomida Uyg‘onish davri mutafakkirlarining inson, jamiyat va bilish jarayoni haqidagi qarashlari tahlil qilinib, ularning jahon falsafiy tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni yoritildi.
Shundan so‘ng to‘garak rahbari, “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Xaytboyev Boburjon tomonidan “Temur va Temuriylar davri falsafasi” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda ushbu davrning ilm-fan va falsafiy tafakkur rivojidagi o‘rni, buyuk allomalar — Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Alisher Navoiyning ilmiy-falsafiy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ularning asarlarida aks etgan insonparvarlik, ma’rifatparvarlik va komil inson g‘oyalarining bugungi kun bilan uyg‘un jihatlari alohida ta’kidlandi.

Mashg‘ulot davomida talabalarga avvalgi darsda berilgan topshiriqlar tinglanib, ularning ilmiy tahlillari muhokama qilindi hamda dolzarb falsafiy masalalar yuzasidan erkin fikr almashinuvi tashkil etildi. Yakunda talabalar bilimini sinash maqsadida qisqa test o‘tkazildi. Faol ishtirok etgan uch nafar talaba rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

“Yosh faylasuflar” ilmiy to‘garagi o‘z faoliyati orqali talabalarda ilmiy izlanishlarga qiziqish uyg‘otish, milliy va jahon falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

