Yangiliklar

img
Wed, 02/11/2026 - 16:44

“Yosh faylasuflar” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi

2026-yil 11-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh faylasuflar” to‘garagining ikkinchi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur mashg‘ulotni kafedra mudiri K. Abdurazakova kirish so‘zi bilan ochib berib, to‘garak faoliyatining talabalarning ilmiy dunyoqarashini shakllantirish, falsafiy tafakkurini rivojlantirish hamda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mashg‘ulot “Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq xalqlarining ilk falsafiy fikrlari” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda mehmon ma’ruzachi sifatida universitetning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Alisher Yarkulov ishtirok etdi. Ma’ruzachi Qadimgi Sharq sivilizatsiyalarining tarixiy rivojlanish jarayonlari hamda ushbu hududlarda shakllangan ilk falsafiy qarashlar haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar berdi. Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar taqdim etildi.

Shundan so‘ng to‘garak rahbari, kafedra o‘qituvchisi Xaytboyev Boburjon Xamzayevich mavzuning falsafiy jihatlarini kengroq yoritib berdi. Mashg‘ulot bahs-munozara shaklida davom ettirilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

Mazkur mashg‘ulotda 10 nafar talaba faol ishtirok etdi. Yakunda to‘garak a’zolariga keyingi mashg‘ulot uchun Sharq falsafasining keyingi rivojlanish bosqichlariga oid mavzular yuzasidan mustaqil tayyorgarlik topshiriqlari berildi.

 

“Yosh faylasuflar” to‘garagi yoshlarning ilmiy-falsafiy tafakkurini rivojlantirish, mantiqiy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.