Yangiliklar

img
Wed, 06/22/2022 - 17:37

Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans

Ijod san’atining daholari safida Navoiy va Shekspirning o‘rni alohida. Zero, ular barcha zamonlarning chinakam so‘z daholari bo‘lib qolaveradi. Mazkur ijodkorlarda juda ko‘p mushtarak jihatlar borki, bu jihatlar Navoiy siymosini G‘arbning ulug‘ shoirlari ichida yana ham ulug‘lashtirib qo‘yadi. Buyuk nemis shoiri I.V.Gyote ta’riflaganidek, “Shekspir bepoyon” — uning merosi, mana, to‘rt asrdirki dunyo xalqlarini o‘ziga rom qilib kelmoqda. Shekspir dunyo ahliga, eng avvalo, dramaturg sifatida ma’lum bo‘lsa-da, uning sonetlari jahon she’riyatining eng yorqin va betakror asarlari xazinasidan munosib o‘rnini topgan. Taniqli ingliz shoiri Uilyam Vordsvort “Sonetlar Shekspir dil qulfini ochguvchi kalitdir”,- deb yozgan edi.  “Navoiyning tili oʻzbekniki, ammo uning ezgu gʻoyalari butun dunyoga taalluqlidir. Navoiyni “oʻzbeklarning Shekspiri” deyishadi. Yoʻq, men bu fikrga qoʻshilmayman. Aksincha, Shekspir “inglizlarning Navoiysi”dir» deganida ming karra haqli edi, afg’onistonlik navoiyshunos olim Azizullo Orol.

Joriy yilning 22-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan “Sharq-u Gʻarb Renessans adabiyoti: Navoiy va Shekspir” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy   konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.S.Sirojiddinov kirish so’zi bilan ochib berdi.

Konferensiyada Respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar univeritetlaridan yetuk mutaxassislar, tajribali olim va tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, Navoiyning bebaho ijodi va ilmiy merosi nafaqat o’zbek xalqining milliy madaniyati rivojida, balki jahon adabiyoti tarixi, butun insoniyat adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida yuksak o’rin tutadi.

Konferensiyada Sharq-u G‘arb adabiyoti genezisi va umumnazariy muammolari, Navoiy va Shekspir ijodining poetik o‘ziga xosligi, ijodiy universalligi, G‘arb adabiyotida Sharq mavzusi talqinlari, Sharq va G‘arb adabiyotini qiyosiy adabiyotshunoslik kontekstida o‘rganish, shuningdek, jahon xalqlari Renessans adabiyotiga oid eng dolzarb muammolar, jahon adabiyotshunosligi, adabiy tanqid tarixi singari dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Anjumanda o‘z ma’ruzalari, ilmiy-maqolalari bilan ishtirok etayotgan xalqaro va mahalliy olimlar, tadqiqotchilar tomonidan mavzu yuzasidan jahon tajribalari o’rganildi va Uchinchi Renessansni bunyod etish muammolari xususida ham  fikr yuritildi.

Mazkur konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri talabalar, yosh tadqiqotchilar Sharq va G‘arb adabiyotining  Navoiy va Shekspir kabi buyuk mutafakkirlarning boy adabiy meroslaridan ilhom olib, yangi Renessans poydevorini shakllantirishdir.  

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro adabiy-madaniy aloqalarda Alisher Navoiy asarlarining o‘rni va ahamiyati, uni tahlil va tadqiq qilish, qadimiy va boy tarixga ega o'zbek tilining tarixiy shakllanish va zamonaviy rivojlanish jarayonlarini chuqur tadqiq etishni yo'lga qo'yish maqsadida samarali va ijobiy natijalar uchun harakat qilmoqda.

Universitetimiz  Alisher Navoiy hayoti va ijodini   yanada  chuqurroq tadqiq etish maqsadida xorijlik olimlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Olis oʻlkalardan Oʻzbekistonga kelib, gʻarbona tafakkurga ega olimlarning Hazrat Navoiy ijodini birlamchi manbalar asosida oʻrganishi va salmoqli tadqiqotlar yaratishi ortida qancha mashaqqatlar yotadi. Shu nuqtayi nazardan, xorij olimlarining Navoy asarlarini oʻrganishi, chet tillarga tarjima qilishi va xalqaro maydonlarda turib targʻib qilishi juda katta eʼtibor va eʼtirofga munosib. Bu targʻibot ortida millatning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati va kuchi ham yotganligini unutmaslik lozim.
Ishonch bilan aytamizki, mazkur samarali harakatlar kelgusida ­Navoiy ijodi tahlili, tadqiqi va tarjimalariga oid xalqaro miqyosdagi ishlarning yana-da jadallashuviga katta ragʻbat beradi.