“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ga start berildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning oliy ta’lim tashkiloti bosqichi boshlandi.
Ochilish marosimida universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida mazkur musobaqaning yoshlar hayotidagi o‘rni, talabalarning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlashdagi ahamiyati, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdagi roli haqida fikr bildirdi. Shuningdek, sport yoshlar uchun irodani chiniqtirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va maqsad sari intilishni kuchaytiruvchi muhim omil ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” respublikamizdagi davlat, nodavlat hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilib, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ommaviy sportga keng jalb etishga xizmat qiladi.
Olimpiadaning universitet bosqichi 1–30-aprel kunlari davom etadi.
Musobaqa uch bosqichda tashkil etiladi:
- — oliy ta’lim tashkilotlari bosqichi (1–30-aprel);
- — hududiy bosqich (1–15-may);
- — respublika final bosqichi (1–10-iyun).

Talabalar quyidagi sport turlari bo‘yicha bellashadilar: basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol.
Mazkur olimpiada doirasida talabalar o‘z sport mahoratini namoyon etish, iqtidorini sinovdan o‘tkazish hamda keyingi bosqichlarga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Musobaqalar belgilangan tartib asosida, shaffoflik va adolat tamoyillari doirasida tashkil etiladi.

Olimpiadada ishtirok etish istagida bo‘lgan talabalar erp.sport.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishgan.
Mazkur sport musobaqasi talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

