Yangi nashr:”Sohibqironni anglash”
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida mamlakatimiz madaniy hayotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan taniqli adib Husan Ibrohimovning “Sohibqironni anglash” nomli yangi kitobi taqdimotiga bagʻishlangan yirik maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuv yosh avlod qalbida milliy tarixga hurmat, vatanparvarlik va mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish maqsadida universitet rahbariyati hamda jamoatchilik vakillari hamkorligida yuksak saviyada tashkil etildi.
Tarix, adabiyot va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalari o‘zaro uyg‘unlashgan ushbu adabiy anjumanda universitetning taniqli professor-o‘qituvchilari, yetakchi adabiyotshunos olimlar, tarixchilar hamda ko‘p sonli talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuv avvalida so‘z olgan ma’ruzachilar Husan Ibrohimov ijodining o‘ziga xos jihatlari hamda yangi nashrdan chiqqan asarning o‘zbek tarixiy romanchiligi va publisistikasidagi ahamiyati yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Taqdimotning asosiy qismida muallif Husan Ibrohimov sahna to‘riga taklif etilib, yangi kitobning yaratilish tarixi haqida gapirib berdi. Adib buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur shaxsi, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda asarda ilgari surilgan asosiy falsafiy g‘oyalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Muallif o‘z ma’ruzasida Sohibqiron siymosini faqatgina harbiy daho sifatida emas, balki adolatli hukmdor, ilm-fan va madaniyat homiysi hamda buyuk strateg sifatida talqin etishdagi o‘ziga xos yondashuvlarini talabalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirning savol-javoblar qismi universitet yoshlarining intellektual salohiyatini namoyon etuvchi chinakam muloqot maydoniga aylandi. Talabalar asarning badiiy tili, undagi tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima o‘rtasidagi mutanosiblik hamda Amir Temur tuzuklarining bugungi kun yoshlari hayotidagi o‘rni borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga muallifdan batafsil javoblar oldilar. Shu bilan birga, faol talabalar kitobdan olgan dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, asar mazmuni yuzasidan o‘zlarining mustaqil adabiy-tanqidiy mulohazalarini bildirishdi.

Jonli suhbat va qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan taqdimot yakunida barcha ishtirokchilar muallifga o‘z minnatdorchiligini bildirishdi. Tadbir so‘nggida talabalar adib bilan esdalik fotosuratlarga tushish hamda yangi kitobga dastxat olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu uchrashuv universitet jamoasi va talabalar uchun katta ma’naviy ozuqa beruvchi unutilmas voqeaga aylandi.


