Yangiliklar

img
Sat, 08/15/2026 - 12:02

Yangi hamkorlik yangi tashabbuslarga yo‘l ochadi

O‘zbekiston Respublikasi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Sh. Kurbaniyazov hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Sh. Sirojiddinov imzoladi.

Mazkur memorandum ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ilmiy va metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud salohiyatni o‘zaro uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

Hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri umumiy o‘rta ta’lim tizimida ta’lim mazmunini yangilash, o‘qitish va o‘rganish amaliyotini ilg‘or tajriba, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yondashuvlar asosida takomillashtirishdan iborat. Shu bilan birga, tomonlar yangi tashabbus va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-metodik hamkorlikni rivojlantirish hamda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

 

Hamkorlik doirasida ilmiy ishlanmalar va akademik materiallar almashinuvi, ilmiy-amaliy anjumanlar, forumlar va seminarlarni birgalikda tashkil etish, mutaxassislar va tajriba almashinuvini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi.

Memorandumning alohida ahamiyatga ega jihati bolalar adabiyotini rivojlantirish bilan bog‘liq. Tomonlar bolalar uchun zamonaviy badiiy asarlar yaratishni qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish, ular uchun ijodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda eng yaxshi asarlarni nashr etish va ommalashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Bu yo‘nalishda qo‘shma ijodiy tanlovlar tashkil etilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tashabbus yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, zamonaviy bolalar adabiyotini yangi mazmun va yangi nomlar bilan boyitishga xizmat qiladi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek tili va adabiyoti, adabiyotshunoslik hamda ta’lim yo‘nalishlaridagi ilmiy-pedagogik salohiyati Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining faoliyati bilan uyg‘unlashishi natijasida ta’lim mazmunini rivojlantirishga qaratilgan yangi ilmiy-metodik va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yuzaga keladi.

 

Shuningdek, memorandum tomonlarning qo‘shma loyihalar ishlab chiqishi va yangi tashabbuslarni amalga oshirishi uchun hamkorlik platformasini yaratadi. Bu esa ilmiy izlanishlar, ta’lim metodikasi, adabiy ijod va amaliy ta’lim jarayonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida imzolangan memorandum ta’lim mazmunini takomillashtirish, ilmiy-metodik tajribalarni kengaytirish va bolalar adabiyotini rivojlantirish yo‘lida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochib beradi.

Mazkur kelishuv asosida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar va tashabbuslar ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-metodik ishlanmalarni amaliyotga yaqinlashtirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda bolalar uchun zamonaviy va sifatli adabiy asarlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.