Xiva shahrida gid-ekskursovodlar uchun o‘quv seminar tashkil etildi
Xorazm viloyati turizm boshqarmasi taklifi bilan 2026-yil 25–26-fevral kunlari gid-ekskursovodlarning nutq madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti M. Shamsiyeva tomonidan olib borildi. “Notiqlik san’ati va professional taqdimot” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda gid-ekskursovodlarning nutq madaniyati, nutq texnikasi, to‘g‘ri talaffuz, ovoz imkoniyatlaridan unumli foydalanish, auditoriya bilan samarali muloqot qilish, tarixiy-madaniy ma’lumotlarni tizimli va ta’sirchan yetkazish masalalari atroflicha yoritildi.
Seminar Xiva shahrida bo‘lib o‘tdi. Dastur doirasida nazariy ma’ruzalar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Ichan qal’a hududida o‘tkazilgan amaliy jarayonlarda gid-ekskursovodlarning bevosita ish faoliyati tahlil qilinib, ularning nutqidagi uslubiy, talaffuz va mantiqiy jihatlar yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Xorazm viloyatiga turizm va madaniyat sohasiga oid yuqori martabali mehmonlar, rasmiy delegatsiyalar hamda xorijiy sayyohlarning tashriflari ortib borayotgan bir sharoitda gid-ekskursovodlarning professional nutq madaniyatini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, mazkur o‘quv seminar nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minladi hamda ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir oliy ta’lim muassasasi hamda hududiy turizm tizimi o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib, til madaniyati va professional kompetensiyalarni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.

