Xavfsiz ta’lim muhiti – ustuvor vazifa
Joriy yilning 24-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xavfsiz va hurmatga asoslangan ta’lim muhitini shakllantirishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbir talaba-qizlarni shilqimlik, tegajonlik va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish, pedagog va xodimlarning huquqiy, psixologik hamda axloqiy mas’uliyatini oshirish, erkak pedagoglarning kasbiy etikasini mustahkamlash masalalariga qaratildi.
Davra suhbatida Universitet xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi O. Jamoldinova, Yakkasaroy tuman inspektori A. To‘raqulov, Yakkasaroy tumani IIO FMB 3-son IIB XPB OTM PKI katta leytenant G. T. Matisakova, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, akademiya tyutori M. Jo‘rayeva hamda psixolog N. To‘xtayeva ishtirok etdilar.
Mutaxassislar tomonidan talaba-qizlarga nisbatan shilqimlik, tegajonlik va zo‘ravonlik holatlarining huquqiy oqibatlari, amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralari, intizomiy va jinoiy mas’uliyat masalalari atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tutish, murojaat qilish mexanizmlari va psixologik ko‘mak olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga aniq, huquqiy asoslangan va amaliy tavsiyalar bilan boyitilgan javoblar taqdim etildi. Ayniqsa, ta’lim muassasasida sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish, o‘zaro hurmat va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy rioya etish har bir pedagog va xodimning kasbiy burchi ekani alohida ta’kidlandi.

Mazkur davra suhbati universitetda gender tenglik, inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Bu kabi profilaktik va tushuntirish ishlari yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularni turli salbiy holatlardan himoya qilish hamda ta’lim jarayonini yanada barqaror va samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.


