Yangiliklar

img
Fri, 04/24/2026 - 04:58

Xamsa, epos, roman: Navoiy va Rable

2026-yil 23-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “XAMSA, EPOS, ROMAN: NAVOIY VA RABLE” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur anjuman Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi tomonidan tashkil etilib, unda O‘zbekiston, Fransiya, Turkiya, Vengriya, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan olimlar, adabiyotshunoslar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar. 

Konferensiyaning asosiy maqsadi Alisher Navoiy va Fransua Rable ijodini komparativistik nuqtai nazardan o‘rganish, xamsa, epos va roman janrlarining tarixiy-tipologik xususiyatlarini tahlil qilish, Sharq va G‘arb adabiy tafakkurining o‘zaro aloqadorlik jihatlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi. 

Konferensiyaning yalpi majlisini universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, Parij 3 — Yangi Sorbonna universiteti professori Aleks Kormanski, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi Isajon Sultonov, turkiyalik olim Kamol Yavuz Ataman, Budapesht Korvinus universiteti vakili Dyord Tyuri hamda Shadrinsk davlat pedagogika universiteti dotsenti Sergey Nikonorov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar. 

Yalpi majlisda professor Uzoq Jo‘raqulov tomonidan “Xamsa va roman: yo‘l metaforasi”, Nelya Bekmuxamedova tomonidan “Manas” eposida ko‘rish motivining strukturaviy jihatlari, Nurboy Jabborov tomonidan “Hayrat ul-abror” talqiniga yangicha yondashuv mezonlari, Janbota Tasbolatuli Karipbayev tomonidan Alisher Navoiy merosining qozoq adabiyotshunosligidagi talqini, Suvon Meli tomonidan Farhod va Gamlet obrazlari qiyosi, Aynur Naynambay tomonidan Navoiy va Abay ijodining ruhiy uyg‘unligi, Farhod Rahimiy tomonidan “Lug‘at-i atrokiyya”da Nizomiy haqidagi qaydlar hamda Gulnoz Xalliyeva tomonidan ingliz va o‘zbek adabiyotida insoniy nuqsonlarning satirik tasviri mavzularida ma’ruzalar tinglandi. 

  

Konferensiya doirasida 4 ta sho‘ba yig‘ilishi faoliyat olib bordi. Jumladan, “Global poetik tafakkur: Navoiy va Rable ijodiy merosining komparativistik tadqiqi” yo‘nalishida Rable va Abdulla Qodiriy romanlarida xalq kulgisi, “Gargantua va Pantagruel” asarida folklor an’analari, Navoiy g‘azallarida badiiy san’atlar masalalari muhokama qilindi. “Sharq va G‘arb adabiy janrlari tipologiyasi: xamsa, epos, roman” yo‘nalishida Navoiy asarlarida ilm va tafakkur, Navoiy, Pushkin va G‘arb uyg‘onish davri vakillari ijodining diskursiv talqini, o‘zbek-fransuz adabiy aloqalari kabi mavzular ko‘rib chiqildi. “Sharq va G‘arb adabiyoti tarixiy tipologiya kontekstida” sho‘basida turli xalqlar adabiyoti o‘rtasidagi tipologik mushtarakliklar, modernizm, epik tafakkur evolyutsiyasi muhokama etildi. “Adabiy komparativistika yosh adabiyotshunoslar talqinida” sho‘basida esa yosh tadqiqotchilarning zamonaviy yondashuvlari asosida olib borilgan ilmiy izlanishlari taqdim etildi. 

  

Konferensiya yakunida Alisher Navoiy va Fransua Rable ijodini qiyosiy o‘rganish istiqbollari, komparativ adabiyotshunoslikni rivojlantirish zarurati hamda milliy va jahon adabiy merosini integrativ asosda tadqiq etishning dolzarbligi ta’kidlandi. Mazkur anjuman ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, adabiyotshunoslikda zamonaviy metodologik yondashuvlarni kengaytirish hamda yangi ilmiy izlanishlar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.