Xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi o'tkazildi.
2026-yil 15–18-may kunlari Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur nufuzli xalqaro olimpiadada Germaniya, Niderlandiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston Respublikasidan hududiy saralash bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan 14–18 yoshdagi vatandosh yoshlar ishtirok etdi. Olimpiada xorijda yashayotgan yoshlarning o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro maydonda o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.
Mazkur xalqaro olimpiadaning asosiy maqsadi xorijiy davlatlardagi ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini zamonaviy pedagogik talablar asosida o‘qitishni takomillashtirish, vatandosh o‘quvchilar orasida ona tiliga hurmat va muhabbat tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, xorijdagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘quvchilarning bilimini xalqaro mezonlar asosida sinovdan o‘tkazish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish ko‘zda tutildi.
Xalqaro olimpiadani tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi, Vatandoshlar jamoat fondi hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari faol ishtirok etdi. Tashkiliy qo‘mita tomonidan olimpiadaning barcha bosqichlari nizom asosida shaffof va xolis tarzda o‘tkazilishi ta’minlandi.

Olimpiada ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar yozma ishlar orqali o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha nazariy bilimlari, ijodiy fikrlashi hamda tahlil qilish ko‘nikmalarini namoyon etdi. Ikkinchi bosqich esa test topshiriqlari shaklida o‘tkazilib, unda ishtirokchilarning grammatika, adabiyot, matn tahlili va mantiqiy fikrlash bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Ushbu jarayonlar xalqaro talab va mezonlar asosida tashkil etilib, baholashning adolatli va shaffof bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro olimpiadaning Ilmiy qo‘mitasi tarkibida universitetimizning O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Klaraxon Mavlonova ham faol ishtirok etdi. U xalqaro olimpiada uchun yozma ish va test topshiriqlarini ishlab chiqish, ishtirokchilar tomonidan bajarilgan ishlarni belgilangan mezonlar asosida tekshirish va baholash, g‘oliblarni aniqlash hamda nazorat materiallarining maxfiyligini ta’minlash jarayonlarida munosib hissa qo‘shdi.

Mazkur xalqaro olimpiada nafaqat yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etish maydoniga aylandi, balki o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, xorijdagi vatandosh yoshlarni ona tilimiz va milliy qadriyatlarimiz atrofida birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.

