Xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Tarjima nazariyasi va amaliyoti, Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik hamda Xorijiy tillar kafedralari tomonidan Ozarbayjon tillar universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma xalqaro nazariy-metodologik seminar tashkil etildi.
Seminar davomida qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalar yo‘nalishidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetuk olimlari hamda mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Jumladan, Gunay Muslumova “Understanding speaking: maximising interaction” mavzusida nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishning samarali usullari haqida so‘z yuritdi. Samira Mammadova esa ingliz tilida ozarbayjon klassik she’riyatining talqini va uning madaniy ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Shuningdek, Uzoq Jo‘raqulov turkiy adabiyotning jahon badiiy tafakkuridagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Universitetning yosh pedagoglari tomonidan interaktiv ta’lim texnologiyalari, talabalarning kreativ va tanqidiy fikrlash kompetensiyalarini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt asosida ingliz tili darslarini tashkil etishga oid ilmiy taqdimotlar namoyish etildi.
Seminar davomida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xalqaro tajriba almashish va innovatsion yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir ishtirokchilari bunday uchrashuvlar ilm-fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

