Xalqaro e’tirof
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori hamda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Hamidulla Dadaboyev Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Qozoq tili milliy terminologik fondini standartlashtirish va raqamlashtirish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada faol ishtirok etdi. Turkiy tillar va terminologiya masalalariga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjuman turkiy xalqlar olimlarini bir maydonga jamlab, ilmiy tajriba almashish, zamonaviy tilshunoslikdagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Konferensiya davomida professor Hamidulla Dadaboyev “Turkiy tillar harbiy terminlari lug‘atini tuzish tajribasidan” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashdi. Olim o‘z ma’ruzasida turkiy tillardagi harbiy terminlarning shakllanish jarayoni, ularning tarixiy-lisoniy ildizlari, semantik xususiyatlari hamda bugungi davrdagi amaliy ahamiyati haqida batafsil fikr yuritdi. Shuningdek, terminlarni tizimlashtirish, ilmiy asosda tartibga solish va standartlashtirish masalalari yuzasidan muhim ilmiy qarashlarini taqdim etdi.
Ma’ruzada ayniqsa raqamli lug‘atchilikning bugungi tilshunoslikdagi o‘rni, elektron terminologik bazalarni yaratish zarurati hamda turkiy tillar o‘rtasidagi ilmiy integratsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Professorning fikricha, zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida yaratiladigan raqamli lug‘atlar nafaqat ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshiradi, balki turkiy xalqlarning boy til merosini saqlash va kelajak avlodga yetkazishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Akademik O‘mirzak Aytbayev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro konferensiyada terminologiya, til siyosati, ilmiy lug‘atchilik, raqamlashtirish va turkiy tillar taraqqiyotiga oid qator dolzarb mavzular keng muhokama qilindi. Turli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar o‘z ilmiy ma’ruzalari orqali turkiy tillarning bugungi rivojlanish bosqichi, xalqaro ilmiy hamkorlik va zamonaviy lingvistik tadqiqotlarning istiqbollari haqida fikr almashdilar.

Professor Hamidulla Dadaboyevning mazkur xalqaro anjumandagi ishtiroki o‘zbek tilshunosligi ilmiy salohiyatining xalqaro miqyosdagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi. Ustoz olimning ilmiy ma’ruzasi konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglanib, turkiy terminologiya bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarning dolzarbligi va amaliy ahamiyatini ko‘rsatib berdi. Bu esa o‘z navbatida o‘zbek tilshunosligi maktabining xalqaro ilmiy maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

