Yangiliklar

img
Wed, 04/08/2026 - 11:00

Xalqaro anjumanda faol ishtirok va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari

Joriy yilning 2–4 aprel kunlari Sankt-Peterburg davlat universiteti Xorijiy tillar fakultetida “Tarjima va xorijiy tillar global madaniyatlararo muloqotda” mavzusida IV Butunrossiya ilmiy-amaliy konferensiyasi xalqaro ishtirok bilan bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi Zulxumor Jumanova faol ishtirok etdi.

Ushbu konferensiya tarjimashunoslik, lingvomadaniyatshunoslik, lingvodidaktika, kognitiv lingvistika, nutq madaniyati va madaniyatlararo kommunikatsiya kabi zamonaviy tilshunoslikning dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olgan keng ko‘lamli ilmiy platforma sifatida tashkil etildi. Unda Rossiya Federatsiyasining Moskva, Qozon, Vladivostok, Kaliningrad, Rostov-na-Donu kabi 20 dan ortiq yirik ilmiy markazlari bilan bir qatorda Xitoy, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlaridan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda magistrantlar ishtirok etdi. Umumiy hisobda 200 dan ortiq mutaxassislarning qatnashuvi anjumanning ilmiy salohiyati va xalqaro miqyosdagi nufuzini yana bir bor tasdiqladi.

Konferensiya doirasida turli sho‘balar faoliyat olib borib, unda tarjimashunoslik nazariyasi va amaliyoti, lingvodidaktik yondashuvlar, mediadiskurs, kognitiv lingvistika, diplomatik diskurs hamda zamonaviy kommunikatsiya jarayonlari chuqur tahlil qilindi. Ayniqsa, Xorijiy tillar fakulteti magistrantlarining ilmiy ma’ruzalari yuqori saviyada ekani alohida e’tirof etildi. Bu esa yosh tadqiqotchilar tayyorlash tizimining samaradorligini ko‘rsatadi.

Universitetimiz vakili Zulxumor Jumanova mazkur ilmiy muhokamalarda faol ishtirok etib, tarjima nazariyasi va amaliyoti sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi hamda xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan tajriba almashdi. Sankt-Peterburg davlat universitetining jahon oliy ta’lim muassasalari reytingida yuqori o‘rin (242-o‘rin) egallab kelayotgani inobatga olinsa, bunday nufuzli maydonda ishtirok etish universitetimiz ilmiy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va joriy etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Tashrif doirasida Sankt-Peterburg davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishildi, ta’lim jarayoni, ilmiy tadqiqotlar tashkil etilishi hamda akademik muhit xususiyatlari o‘rganildi. Shu bilan birga, kelgusida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish hamda tarjima va tilshunoslik yo‘nalishlarida innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Amaliy jihatdan muhim bo‘lgan yana bir yo‘nalish sifatida “Lingvistika” yo‘nalishi 1-bosqich magistrantlari uchun dars mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar davomida talabalar bilan bevosita muloqot o‘rnatilib, ularning ilmiy va amaliy tayyorgarligi, tarjima jarayoniga yondashuvi hamda til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yuqori darajada ekani kuzatildi. Mashg‘ulotlar interaktiv ruhda o‘tib, nazariy bilimlarni amaliy misollar asosida mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

 

Muloqotlar jarayonida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan maxsus dars mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek tilining xorijiy auditoriyadagi o‘rni va ahamiyatini kengaytirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Mazkur tashrif ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Shu tariqa, mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro ilmiy makondagi faolligini oshirish, ilmiy hamkorlik doirasini kengaytirish hamda zamonaviy lingvistik tadqiqotlar rivojiga munosib hissa qo‘shish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar natijasi sifatida e’tirof etiladi.