Vengriyalik olima universitetimiz magistrlari bilan mashg'ulotlar olib bormoqda
Erasmus+ dasturi doirasida Vengriyaning Karoli Gashpar universiteti olimasi Agnesh Kirichi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga keldi.
Mazkur tashrif universitetda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish yo‘lidagi izchil ishlarning davomi hisoblanadi.
Tashrif avvalida mehmon olima universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy maqolalar chop etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ilmiy seminar va ma’ruzalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Erasmus+ dasturi doirasidagi hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, mavjud aloqalarni tizimli asosda davom ettirish va uni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashdilar. Bu kabi tashriflar ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bilan birga, ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida Agnesh Kirichi magistratura bosqichi talabalari uchun lingvomamlakatshunoslik fanidan dars mashg‘ulotlarini olib bormoqda. Mashg‘ulotlar davomida talabalarga turli mamlakatlarning til muhiti, milliy madaniyati, kommunikativ xulq-atvor xususiyatlari hamda lingvokulturologik yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Darslar interaktiv usullarda tashkil etilib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy misollar asosida mustahkamlashga qaratilgan.

Ayniqsa, mashg‘ulotlarda turli madaniyatlararo muloqot jarayonlari, til va madaniyat o‘zaro bog‘liqligi, zamonaviy lingvomamlakatshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy qarashlar muhokama qilinayotgani talabalarning qiziqishini yanada oshirmoqda. Bu esa ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xalqaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Universitet dunyoning turli mamlakatlaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Xususan, Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar universitet hayotida muhim o‘rin tutadi. Ushbu dastur orqali professor-o‘qituvchilar xorijiy tajribani o‘rganish, talabalar esa xalqaro ta’lim muhitida bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Natijada ta’lim sifati oshib, ilmiy tadqiqotlar ko‘lami kengaymoqda.
Mazkur tashrif ham ana shunday samarali hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, universitetda olib borilayotgan xalqaro faoliyatning izchil va tizimli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Bunday tashriflar ta’lim jarayoniga yangi yondashuvlarni olib kirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

