Vengriyalik olim universitetimiz mehmoni
2026-yil 24-mart kuni Budapeshtdagi Korvinus Universiteti ilmiy ishlar va tashqi aloqalar bo‘yicha dekan maslahatchisi, olim va jurnalist Gyorgy Turi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida mehmon bo'ldi.
Tashrif avvalida mehmon universitetimizning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashib, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro loyihalarni amalga oshirish va universitetda madaniy hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildi. Shundan so‘ng u universitet muhiti bilan yaqindan tanishdi va professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
U Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasida bo'lib, kafedra professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy va metodik ishlanmalarni muhokama qildi. Tashrif davomida Gyorgy Turi mazkur kafedra mudiri professor Uzoq Jo'raqulov bilan ham suhbatlashib, kafedra va universitetdagi ilmiy ishlanmalar, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari hamda talabalar va yosh olimlar bilan ilmiy almashinuvlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Gyorgy Turi madaniyat, kommunikatsiya, jurnalistika va adabiyotshunoslik sohalarida yetakchi tadqiqotchi sifatida tanilgan. U madaniyat va mediya tadqiqotlari, xalqaro jurnalistika masalalariga oid ko‘plab ilmiy ishlar muallifidir. Ilmiy faoliyati davomida u 20 yildan ortiq vaqt mobaynida xalqaro universitetlarda (AQSh, Hindiston, Chili, Yevropa davlatlari) dars bergan.

Gyorgy Turi, shuningdek, Erasmus va boshqa xalqaro dasturlar doirasida madaniyat va san’atni rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, hamda universitetlarda madaniy xilma-xillikni kuchaytirishga qaratilgan ko‘plab xalqaro loyihalarni muvaffaqiyatli boshqargan. Uning tajribasi universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, ilmiy almashinuvlarni rivojlantirish va innovatsion ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha muhim ahamiyatga ega.

Tashrif Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti uchun ilmiy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi tajribalar yaratish, shuningdek, Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunosligi kafedrasi ilmiy ishlanmalarini rivojlantirish imkoniyatini berdi. U bilan bo‘lgan uchrashuvlar universitetning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeini yanada oshirish va zamonaviy ilmiy loyihalarni amalga oshirishda muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.

Aytish kerakki, bugungi kunga qadar ToshDO'TAU Vengriyaning Karoli Gaspar va Etvosh Lorand universitetlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik olib bormoqda va birgalikda Erasmus+ dasturi doirasida loyihalar amalga oshirmoqda. Shu loyihalar doirasida tez orada Karoli Gaspar universitetidan bir nafar professorning ToshDO'TAUga kelishi va talabalarga ma'ruzalar o'qishi belgilangan.


