Yangiliklar

img
Thu, 05/28/2026 - 19:40

Universitetimiz vakillari Erasmus+ning Xalqaro hamkorlik haftaligida ishtirok etdi

Polshaning Bialstok universitetida 2026-yil 25–29-may kunlari Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlik haftaligi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yevropa va Osiyodagi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etib, universitetlararo aloqalarni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda Erasmus+ loyihalari bo‘yicha tajriba almashildi.

Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nomidan Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Shavkatovna hamda bo‘lim ko‘ngillisi Maftuna To‘rayeva qatnashdi.

Hamkorlik haftaligi davomida ishtirokchilar uchun seminarlar, taqdimotlar, davra suhbatlari va universitet faoliyati bilan tanishtiruvchi uchrashuvlar tashkil etildi. Dastur doirasida Erasmus+ loyihalarini amalga oshirish tajribasi, grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari, xorijiy talabalar bilan ishlash tizimi, akademik almashinuv dasturlari hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlari muhokama qilindi.

Tadbir Bialstok universitetining Polshadagi asosiy kampusida hamda Litvaning Vilnyus shahridagi filialida davom etdi. Bu esa ishtirokchilarga universitetning turli hududlardagi faoliyati, ta’lim muhiti va hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

 

Bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Erasmus+ dasturlari doirasidagi loyihalarda faol ishtirok etish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda akademik almashinuv ko‘lamini kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Xususan, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Normurodovaning Erasmus+ dasturining HERE (Higher Education Reform Experts — Oliy ta’lim islohotlari bo‘yicha ekspertlar) eksperti sifatidagi faoliyati oliy ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish, innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish hamda universitetning xalqaro loyihalardagi ishtirokini yanada faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Mazkur ishtirok Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Yevropa oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarini mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashuvini kengaytirishga xizmat qilmoqda.