Universitet kutubxonasi yangi kitoblar bilan boyitildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Butunjahon ijtimoiy ish kuni” munosabati bilan muhim tashabbus amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus doirasida “Ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun zarur bo‘lgan ilmiy va amaliy manbalarni kengaytirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari kutubxonalari ijtimoiy ish sohasiga oid adabiyotlar bilan boyitildi.
Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kutubxonalariga jami 12 turdagi zamonaviy metodik qo‘llanmalar topshirildi.
Ushbu qo‘llanmalar ijtimoiy ish sohasida bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish hamda sohaga oid ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tadbir ijtimoiy ish yo‘nalishida sifatli ta’limni rivojlantirish va kelajak mutaxassislarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.


