Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-yil 31-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlis avvalida universitet Faxriylar kengashi raisi, professor H. Dadaboyev so‘zga chiqib, jamoani muhim xalqaro yutuq bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, universitet QS by Subject 2026 xalqaro reytingida “Modern Languages” (zamonaviy tillar) yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin oldi.
Qayd etilishicha, ToshDO‘TAU mazkur reytingda o‘tgan yili ilk bor ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda o‘z natijalarini sezilarli darajada yaxshiladi. Bu o‘sish akademik nufuz, ish beruvchilar bahosi, ilmiy nashrlar sifati hamda xalqaro tadqiqot hamkorliklari kabi asosiy mezonlar bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi ekanligi ta’kidlandi. Mazkur natija universitetning global akademik makondagi mavqeini mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Normurodovaga QS reytingi natijalari aks etgan sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

Yig‘ilish davomida kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, ona tili va adabiyot ta’limi yo‘nalishlarida (kunduzgi, kechki, sirtqi va masofaviy shakllar) erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt shartlarini bajarmagan talabalarni talabalar safidan chiqarish masalasi ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 2026-yil II chorak bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga mustaqil izlanuvchilikka qabul natijalari yuzasidan axborot berildi.

“Turli masalalar” doirasida o‘quv adabiyotlarini nashrga tavsiya etish, ilmiy unvonlarga tavsiya qilish hamda universitet va Kasaba uyushmasi o‘rtasida yangi jamoa shartnomasini tuzish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

