Yangiliklar

img
Fri, 01/30/2026 - 08:28

Tyutorlar faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tyutorlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning talabalarga yo‘naltirilgan individual ishlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet tyutorlarining kundalik faoliyati, talabalarning o‘quv jarayoniga moslashuvi, ijtimoiy-psixologik holati hamda shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tyutorlarning talabalar bilan olib borayotgan individual suhbatlari, o‘quv jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni erta aniqlash, akademik qarzdorlikning oldini olish, iqtidorli talabalarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan manzilli ishlash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi. Tyutorlarning talabalarning shaxsiy muammolari, psixologik holati va tarbiyaviy ehtiyojlarini inobatga olgan holda olib borayotgan individual yondashuvlari ta’lim jarayonining muhim bo‘g‘ini ekani qayd etildi.

Tadbirda universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jurayeva so‘zga chiqib, tyutorlik faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari, xususan, talabalar bilan individual ishlash sifati, ularning akademik va shaxsiy rivojlanishiga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam samaradorligi, tyutorlar mas’uliyati va natijadorligini baholash mezonlari haqida batafsil to‘xtaldi. U o‘z chiqishida har bir talaba bilan alohida ishlash, muammolarni rasmiyatchiliksiz va o‘z vaqtida hal etish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tarbiyaviy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuv jarayonida tyutorlarning real ish tajribalaridan kelib chiqib, talabalar bilan individual ishlashda duch kelinayotgan muammolar, hujjatlashtirish jarayoni, hisobot yuritish, samaradorlikni baholash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi. Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tyutorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, individual ishlash jarayonlarini raqamlashtirish, monitoring va tahlil mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tyutorlar tomonidan bildirilgan takliflar umumlashtirilib, ularni kelgusida tyutorlar faoliyatini baholash tizimini takomillashtirish, talabalar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishda inobatga olish belgilab olindi.