Yangiliklar

img
Sat, 02/14/2026 - 10:22

TURKSOYda Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi nishonlandi

2026-yil 13-fevral kuni Anqara shahridagi  Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh qarorgohida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlab  “Alisher Navoiy — turkiy adabiyotning buyuk namoyondasi” mavzusida anjuman o‘tkazildi. 

Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda Oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, professor Nurboy Jabborovlar oʻz ma’ruzalari bilan faxrli mehmon sifatida ishtirok etishdi. 

Nufuzli anjumanda turkiy dunyo mamlakatlarining ilm-fan, adabiyot va diplomatiya sohasi vakillari ham ishtirok etdi. Xususan, Qozog‘istonning Anqaradagi elchisi Yerkebulan Sapiyev, Turkmanistonning Anqaradagi elchisi Mekan Ishanguliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid,  Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti rektori, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Musa Kazım Arijan, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi professori Seadet Drixiyevalar shular jumlasidandir. 

Tadbirni ochib bergan TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev Navoiy shaxsini Turkiy dunyoning umumiy vijdoni va sivilizatsiyaviy timsoli sifatida e’tirof etdi. U O‘zbekistonda ajdodlar merosiga ko‘rsatilayotgan e’tibor yuqori darajada ekanini alohida ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan adabiyot va madaniyatni qo‘llab-quvvatlash, Navoiy merosini yosh avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan siyosat muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

  

Universitetimiz rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov yalpi majlisda ma’ruza qilib, Navoiy asarlarining O‘zbekistonda va xalqaro miqyosda o‘rganilishi, qo‘lyozmalarni ilmiy tadqiq etish, nashr va tarjima ishlari haqida ma’lumot berdi. U Navoiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Alisher Navoiy merosining umumbashariy ahamiyati haqida soʻzlab, u nafaqat turkiy xalqlarning, balki butun insoniyatning ma’naviy dahosi ekanini ta’kidladi. 

Universitet professori Nurboy Jabborov o‘z chiqishida Navoiy asarlarining bugungi talqinlari, ularning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati va adabiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr bildirdi. 
Shuningdek, anjumanda ToshDOʻTAU vakillari tomonidan Navoiy merosini o‘rganish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar va xalqaro hamkorlik ishlari haqida ham ma’lumot berildi. 

  

Tadbirda Navoiy asarlarining turli turkiy lahja va adabiyotlarga tarjima qilinayotgani alohida qayd etildi. Xususan, “Xamsa” asarining ozarbayjon tiliga to‘liq tarjima qilinib Bokuda nashr etilgani, “Mahbub ul-qulub” asarining ozarbayjon, qoraqalpoq va qozoq tillariga tarjima etilgani, shuningdek, Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy asarlar chop etilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayon Navoiy merosining butun Turkiy dunyo miqyosida faol o‘rganilayotganini ko‘rsatadi.

Tadbir davomida Navoiy ijodining turkiy xalqlar adabiyotiga ta’siri, turkiy til taraqqiyotidagi o‘rni hamda uning g‘oyalarining bugungi kundagi dolzarbligi yuzasidan muhokamalar olib borildi. So‘zga chiqqanlar Navoiy merosi Turkiy dunyoni birlashtiruvchi muhim ma’naviy omil ekanini ta’kidladilar.

  

Anjuman yakunida akademik Shuhrat Sirojiddinov, Oʻzbekiston Xalq shoiri Usmon Azim turkiy dunyoning madaniyati va adabiyoti rivojiga munosib hissa qo’shgani uchun Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning Oltin medali bilan taqdirlandi, professor Nurboy Jabborov va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid TURKSOY medali bilan mukofotlandi.