Turkologiya sohasida hamkorlik kengaymoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmon sifatida Sherubay Kurmanbaiuly – filologiya fanlari doktori, professor, akademik, Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti huzuridagi Nemat Kelimbetov nomidagi Turkologiya markazi rahbari, Marlen Adilov – PhD, dotsent, mazkur universitet ilmiy xodimi hamda Gauhar Alimbek – filologiya fanlari nomzodi, professor, L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti vakillari tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida turkologiya, zamonaviy tilshunoslik, qardosh xalqlar adabiy merosi va kelgusidagi qo‘shma ilmiy loyihalar yuzasidan samarali fikr almashildi. Tomonlar akademik aloqalarni kengaytirish, ilmiy tajriba almashish hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, mehmonlar universitet kutubxonasida bo‘lib, bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, boy kitob fondi, noyob ilmiy manbalar hamda elektron resurslar bilan yaqindan tanishdilar. Kutubxonaning qulay va innovatsion muhiti talaba-yoshlar hamda tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratishi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani alohida e’tirof etildi.
Mazkur tashrif davomida ilm maskanida bilimga bo‘lgan yuksak ehtirom va ma’rifat muhiti yaqqol namoyon bo‘ldi. Samimiy muloqot jarayonida mehmonlar tomonidan qimmatli ilmiy adabiyotlar taqdim etildi. O‘z navbatida universitet professor-o‘qituvchilari ham mehmonlarga ilmiy nashrlar va esdalik sovg‘alarini topshirdilar. Bu ezgu an’ana ilm-fan ahli o‘rtasidagi do‘stlik, hurmat va hamkorlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mazkur tashrif universitetning xalqaro maydondagi ilmiy nufuzini yanada oshirish, turkiy dunyo ilmiy hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

